2025-yil 18-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 46 ta to‘lov tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan.
Ushbu tashkilotlar amaldagi talablarga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat yuritadi.
Maqola yozilayotganda ushbu kompaniyalarning 33 tasi 2025-yilning uchinchi choragi uchun moliyaviy ko‘rsatkichlarini ochiqlagan edi.
tanga.uz ochiq ma’lumotlariga tayanib, ularning sof foydasini o‘rgandi.

Infografika: tanga.uz
O'rganishlarga ko'ra, 2025-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida to‘lov tashkilotlari orasida eng ko‘p sof foydani Uzum Nasiya kompaniyasi qo‘lga kiritgan.
Bunda kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 231,9 mlrd so‘mga oshib, 470,1 mlrd so‘mga yetgan.
Keyingi o‘rinda esa 330,5 mlrd so‘m sof foyda bilan Paynet kompaniyasi joylashgan. Bu ko'rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122,1 mlrd so‘mga ko‘pdir.
Undan keyingi o‘rinlarda Payme kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi hamda Click kompaniyasi joylashgan.
Ularning sof foydasi mos ravishda 287,3 mlrd so‘m, 254 mlrd so‘m va 235,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yana bir 100 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda olgan kompaniya IT UNISOFT bo‘ldi.
Uning ushbu davrdagi sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 85,3 mlrd so‘mga oshib, 141,3 mlrd so‘mga yetgan.
Alif hamda Open to‘lov tashkilotlarining sof foydasi esa mos ravishda 25,3 mlrd so‘m va 38,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshida Open to‘lov tashkilotiga egalik qiluvchi kompaniya Smartbank’ning 90,2 foiz ulushini 451 mlrd so‘mga sotib olgan edi.
Sentyabr oyiga kelib esa kompaniya Smartbank nomini Openbank qilib o‘zgartirdi.
2025-yilning birinchi 9 oyida TEZPAY hamda Milliy Pay to‘lov tashkilotlari mos ravishda 46,8 mlrd so‘m va 15,1 mlrd so‘m sof foyda olgan.
Avvalroq, Markaziy bank ushbu ikki to‘lov tashkilotining faoliyatini 13-noyabrdan boshlab olti oy muddatga cheklab qo‘ygan edi.
