TEZPAY va Milliy Pay to‘lov tashkilotlarining faoliyati olti oyga cheklandi

01.12.2025 08:07
Markaziy bank TEZPAY va Milliy Pay to‘lov tashkilotlarining faoliyatini 13-noyabrdan boshlab olti oy muddatga cheklab qo‘ydi. Regulyator buning sababini ushbu tashkilotlar elektron to‘lovlar va pul o‘tkazmalari qoidalarini buzganligi bilan izohladi.
TEZPAY va Milliy Pay to‘lov tashkilotlarining faoliyati olti oyga cheklandi

Foto: Tezpay

Markaziy bankning bank nazorati qo‘mitasi 2025-yilning oktyabr oyida qirqdan ortiq masalani ko‘rib chiqdi

Regulyator tekshiruv davomida 3 ta bank, 5 ta mikromoliya tashkiloti va 2 ta to‘lov tashkilotiga jarima sanksiyasi qo'lladi. 

Mazkur jarimalar ularning jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarini moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalarini buzganliklari uchun qo‘llanildi.

Biroq Markaziy bank ushbu tashkilotlarning nomlarini oshkor etmagan. 

Shuningdek, tekshiruvlar natijasida qo‘mita "TEZPAY" AJ hamda "National Pay" AJ faoliyatida kamchiliklarni aniqlagan. 

Ma’lum qilinishicha, ularda elektron shakldagi to‘lovlarga ishlov berishda, pul mablag‘larini qabul qilishda va pul o‘tkazmalari tizimi orqali amaliyotlar bajarishda qoidabuzarliklar bo‘lgan. 

Ushbu kamchiliklar sababli har ikkala tashkilotning faoliyati 13-noyabrdan boshlab olti oy muddatga cheklab qo‘yildi. 

Ma’lumot uchun, mazkur ikki tashkilot O‘zbekistonda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatib, bozorda TEZPAY va Milliy Pay to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi. 

TEZPAY tashkilotiga 2021-yilning mart oyida, Milliy Pay tashkilotiga esa 2022-yilning fevral oyida Markaziy bank tomonidan litsenziya berilgan. 

Har ikkisining ustav kapitali miqdori Markaziy bank belgilagan talablarga to‘liq javob beradi

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning oktyabr oyida UPay to‘lov tashkiloti qimor o‘yinlariga to‘lovlarni amalga oshirgani uchun faoliyati 6 oyga cheklangandi. Joriy yilning mart oyida esa mazkur cheklovlar bekor qilindi.

#markaziy_bank#jarima#tezpay#milliy_pay

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar