2026-yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlari bo‘limini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda islomiy moliya mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Unda qayd etilishicha, mamlakatda bir qator islomiy moliya vositalarini joriy qilish nazarda tutilgan.
Bunda sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari esa moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi.
Ular bahsli masalalarga izoh berish va muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Taqdimotda aytilishicha, 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlari bo‘limini ishga tushirish rejalashtirilgan.
2026–2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini yurituvchi ikkita bank tashkil etish mo‘ljallanmoqda.
Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026–2030-yillarda qo‘shimcha 1 mlrd dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlariga bir qator islomiy moliya xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan.
2025-yilning birinchi to‘qqiz oyida ular 8,6 mlrd so‘mlik islomiy moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 14 barobarga ko‘p.
