NKMK 2025-yilda 3,5 mlrd dollar sof foyda oldi

28.03.2026 06:42
O'zbekchaРусский
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda 3,5 mlrd dollar sof foyda oldi. Bu 2024-yilga nisbatan 1 mlrd 365 mln dollarga ko‘proq. Kombinatning daromadi esa 3 mlrd 432 mln dollarga ko‘payib, 10 mlrd 827 mln dollarni tashkil etdi.
NKMK 2025-yilda 3,5 mlrd dollar sof foyda oldi

Foto: NKMK

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. 

Hisobotga ko‘ra, kombinat yilni 3,5 mlrd dollar sof foyda bilan yakunlagan. 

Bu ko‘rsatkich kombinatning 2024-yildagi sof foydasidan 1 mlrd 365 mln dollarga yoki 64 foizga ko‘proqdir. 

Infografika: tanga.uz

Kombinatning daromadi esa 3 mlrd 432 mln dollarga ko‘payib, 10 mlrd 827 mln dollarni tashkil etdi. 

Operatsion xarajatlar ham o‘z navbatida 1 mlrd 155 mln dollarga oshib, 4 mlrd 622 mln dollarga yetdi. 

Daromadning oshishiga oltin narxining yil davomida sezilarli darajada ko‘tarilgani hamda sotish hajmining ortgani asosiy omil bo‘ldi.

Ishlab chiqarish

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda 98 tonna oltin ishlab chiqardi. Bu 2024-yilga nisbatan 2 tonnaga ko‘p. 

2024-yilda kombinatning ishlab chiqarish va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy xarajatlari 1 troy unsiyasi uchun 979 dollarni tashkil etgan. 

2025-yilda bu ko‘rsatkich 379 dollarga oshib, 1 358 dollarga yetdi. 

Bu o‘sish yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning ko‘paygani, tog‘ jinslarini qazib olish hajmining oshgani hamda sarflanadigan materiallar narxiga inflyatsiya ta’siri bilan izohlandi.

Kombinat haqida

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda oltin ishlab chiqaruvchi eng yirik to‘rtta kompaniyadan biridir. 

U O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchi hamda eng yaxshi ish beruvchi hisoblanadi. 

2025-yil yakunlariga ko‘ra, kombinatdagi xodimlar soni 50 mingdan oshgan. 

NKMKning asosiy aktivlari qatoriga resurs bazasi 100 mln unsiyadan ortiq bo‘lgan dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri — Muruntov koni kiradi. 

Avvalroq, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda qariyb 1 mlrd dollar sof foyda olgani ma’lum bo‘lgandi.

#nkmk#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar