2026-yilning yanvar-fevral oylarida infokiosklar orqali UZCARD bank kartalarini to‘ldirish hajmi 2 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga ko‘pdir.
Bugungi kunda UZCARD to‘lov tizimiga 20 mingdan ortiq infokiosk ulangan bo‘lib, ularning katta qismiga to‘lov tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
Infokiosk — to‘lovlarni mustaqil amalga oshirish va kartani naqd pul bilan to‘ldirish uchun mo‘ljallangan qurilmadir.
O‘zbekiston hududida Paynet infokiosklari son jihatdan ko‘pligi sababli to‘ldirishlarning katta qismi aynan uning hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yanvar va fevral oylarida UZCARD kartalarini to‘ldirishning 94 foizi Paynet ulushiga to‘g‘ri keladi.
Paynet bu borada yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, uning ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz kamaygan.
Ushbu pasayishga OSON to‘lov tashkiloti orqali to‘ldirishlar hajmining 47 foizga oshgani ta’sir ko‘rsatdi.
Paynet orqali kartalarni to‘ldirishda eng katta ulush Xalq Banki kartalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Uning ulushi 19 foizni tashkil etdi. Biroq bankning ham bu boradagi ulushi 3 foizga kamaygan.
Bu pasayishga Agrobank kartalarini to‘ldirish hajmining 38 foizga oshib, qariyb 190 mlrd so‘mga yetgani ta’sir ko‘rsatdi.
Xuddi shunday o‘sish Ipak Yuli Banki kartalarida ham kuzatilib, uning ulushi 10 foizni tashkil etdi.
Alif ekotizimiga o‘z infokiosklarini metro bekatlarida faol o‘rnatishni boshladi.
Yanvar va fevral oylarida ularning infokiosklari orqali UZCARD kartalarini to‘ldirish bo‘yicha eng katta ulush quyidagi banklarga to‘g‘ri kelgan:
- Ipoteka-bank — 14%
- Ipak Yuli Bank — 13%
- Xalq Banki — 12%
- O‘zmilliybank — 12%
Avvalroq, UZCARD to‘lov tizimi 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda olgani haqida xabar bergandik.
