28-mart kuni Tayanch mikromoliya banki aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda aksiyadorlar Zoxid Alimovni bank boshqaruvi raisi etib sayladi.
Mazkur tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach, rasman kuchga kiradi.
Shundan so‘ng Zoxid Alimov bankning amaldagi boshqaruv raisi Shohruh Yusufzodaning o‘rnini egallaydi.

Skrinshot: Tayanch mikromoliya banki sayti
Ma’lumot uchun, Tayanch mikromoliya banki O‘zbekistondagi birinchi va ayni paytda yagona mikromoliya banki hisoblanadi.
Unga Markaziy bank tomonidan tegishli litsenziya 2025-yilning 24-oktyabrida berilgan.
Dastlab mikromoliya bankiga Shermuhammad Xo‘jamurodov boshqaruv raisi etib tayinlangandi.
2026-yilning 24-fevral kuni Markaziy bank Olmos Finance mikromoliya tashkilotiga litsenziya berdi.
Xo‘jamurodov hozirda mazkur tashkilot rahbari sifatida qayd etilgan.

Olmos Finance MMT / Skrinshot: iHamkor
Ma’lumot uchun, ushbu tashkilot Zohid Alimov va Sherzod Karimboyev tomonidan ta’sis etilgan.
Zohid Alimov haqida
Alimov Zohid Zakirjanovich 1984-yilda tug‘ilgan. 2005-yilda Toshkent moliya institutining Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida bir qancha banklarning yuqori lavozimlarda ishlagan.
Jumladan, ANORBANK boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Kapitalbank boshqaruvi raisi maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, 2023-yilda tashkil etilgan Hayot Bank boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
