Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

12.04.2026 11:49
O'zbekchaРусский
Bu hafta (6-apreldan 12-aprelgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Banklarda haftasiga bir kun sport kuni bo‘lishi, o‘ziga kredit olishni cheklab qo‘yganlar 2 mln nafardan oshgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

O‘ziga kredit olishni cheklab qo‘yganlar 2 mln nafardan oshdi

2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, 2 mln nafardan ortiq fuqaro o‘ziga kredit olishni cheklab qo‘ydi. 

Firibgarlikdan himoyalanish maqsadida “Kreditga taqiq” xizmati 2025-yilning iyun oyida joriy etilgan edi. 

2026-yil 1-yanvar holatiga 438 ming 322 nafar fuqaro o‘ziga kredit olishni cheklab qo‘ygani ma’lum bo‘lgandi. 

1-aprelga kelib bu ko‘rsatkich besh barobardan ko‘proqqa oshib, 2 mln 207 ming 753 nafarga yetdi. 

Xizmatga ulanganlarning katta qismini 26 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi. Batafsil

Shuhratbek Kurbanov TBC Uzbekistan boshqaruvi raisining maslahatchisi lavozimini tark etdi 

Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi. Kurbanov o‘z postida ekotizim rahbariyatiga, jumladan, Nika Kurdiani, Oliver Hyuz va Spartak Tetrashviliga minnatdorchilik bildirdi. 

Shuningdek, u bu davr o‘zi uchun haqiqiy raqamli bank qurish nima ekanligini qayta anglash imkoniyati bo‘lganini ta’kidladi. 

2025-yilning yanvar oyida HUMO to‘lov tizimi Paynet to‘lov tashkilotiga 65 mln dollarga sotilgan edi.  

6-mart kuni yagona aksiyador qarori bilan Shuhratbek Kurbanov HUMO to‘lov tizimi boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi. 

U ushbu lavozimda tizim tashkil etilganidan, ya’ni 2019-yildan buyon ishlab kelayotgan edi.

Shundan so‘ng, may oyi boshida Kurbanov TBC Uzbekistan boshqaruvi raisining maslahatchisi etib tayinlangan edi. 

Shu tariqa, u ushbu lavozimda bir yildan kamroq vaqt ishladi. Batafsil

Mikroqarz va avtokredit stavkalarining haftalik o‘zgarishi

2026-yil 6-aprel kuni aholiga ajratilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 29,5 foizni tashkil etdi. 

So‘nggi bir hafta ichida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 0,3 foiz bandga oshgan. 

Bu vaqt ichida avtokredit stavkalari esa 0,1 foiz bandga kamayib, 22,7 foizni tashkil qildi.

22-apreldan kuchga kiradigan talab faqat yangi mijozlarga tatbiq etiladi — Markaziy bank

22-apreldan mobil ilovalarga bank kartasini ulash uchun telefon raqami ham, bank kartasi ham bir shaxs nomida bo‘lishi shartligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Markaziy bankning tushuntirish berishicha, bu talab faqat yangi foydalanuvchilarga nisbatan qo‘llanadi. 

Agar telefon raqami yaqin qarindosh nomida bo‘lsa, ilovadan foydalanishda muammo yuzaga kelmaydi. 

Muammo faqat telefon raqami yoki bank kartasi umuman aloqasi bo‘lmagan shaxs nomida bo‘lgandagina paydo bo‘ladi. 

Masalan, yaqin qarindosh bo‘lmagan odamning kartasi yoki telefon raqami. 

Ilovadan allaqachon foydalanib kelayotgan mijozlar uchun esa hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligi aytildi. Batafsil

Amir Temur siymosi tushirilgan tangalar sotuvga chiqarildi

Markaziy bank Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab esdalik tangalarini sotuvga chiqardi. 

Foto: Markaziy bank

Tangalar 999,9 probali oltin va kumushdan ishlangan bo‘lib, og‘irligi 31,1 grammni tashkil etadi.

Ularning old tomonida Amir Temur, orqa tomonida esa “Temur tuzuklari”dan hikmatlar aks ettirilgan. 

Tangalarning narxi kun davomida oltin va kumushning jahon bozoridagi narxi o‘zgarishiga qarab o‘zgarib boradi. 

10-aprel holatiga ko‘ra, esdalik oltin tanganing narxi 61 mln 145 ming so‘m, kumush tanganiki esa 1 mln 811 ming so‘m etib belgilangan. 

Qaytarib sotib olish narxi oltin tanga uchun sotish narxidan 6,67 foiz, kumush tanga uchun esa 51 foiz arzonroqdir. 

Taqqoslash uchun, oltin quymalarining qaytarib sotib olish narxi sotish narxidan o‘rtacha 4 foizga past yuradi. 

Bu jamg‘arma nuqtayi nazaridan oltin quymalarining esdalik tangalarga qaraganda daromadliroq ekanini ko‘rsatadi. Batafsil

Muzrob Mamaraimov Open Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi

7-aprel kuni Open Bank Kuzatuv kengashining qarori bilan Muzrob Mamaraimov bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

Muzrob Mamaraimov / Foto: Open Bank

Mamaraimov bunga qadar bankning chakana bank xizmatlari bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Mamaraimov Muzrob Zuxriddinovich 1996-yilda tug‘ilgan. Uning mutaxassisligi hamda mehnat faoliyati haqida batafsil:

Hayot Bank sobiq rahbari Tayanch mikromoliya banki boshqaruv raisi etib tayinlandi

Zoxid Alimov Tayanch mikromoliya banki boshqaruvi raisi etib saylandi. 

Mazkur tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach, rasman kuchga kiradi. 

Shundan so‘ng, Zoxid Alimov hozirga qadar bo‘sh turgan boshqaruv raisi lavozimini egallaydi. 

Bunga qadar, Shohruh Yusufzoda mikromoliya bankining boshqaruv raisi v.b lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. 

Tayanch mikromoliya banki O‘zbekistondagi birinchi va ayni paytda yagona mikromoliya banki hisoblanadi. 

Dastlab mikromoliya bankiga Shermuhammad Xo‘jamurodov boshqaruv raisi etib tayinlangandi. 

2026-yilning 24-fevral kuni Markaziy bank Olmos Finance mikromoliya tashkilotiga litsenziya berdi. 

Xo‘jamurodov mazkur tashkilot rahbari sifatida qayd etilgan. 

Ma’lumot uchun, ushbu tashkilot Zohid Alimov va Sherzod Karimboyev tomonidan ta’sis etilgan. Batafsil

SQB birinchi chorakning o‘zida 550 mlrd so‘m sof foyda oldi

O‘zsanoatqurilishbank 2026-yilning birinchi choragida 550 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. 

Bankning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 146 mlrd so‘mga yoki 36 foizga oshgan.

Banklarda haftasiga bir kun sport kuni bo'lishi ma'lum qilindi

7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda bank tizimida haftasiga bir kun sport kuni joriy etilishi belgilandi.

Xodimlar uchun sport bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Bank rahbarlari xodimlarni sportga jalb etishda shaxsan namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Sport infratuzilmasini kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar