Milliy banklararo protsessing markazi (HUMO to‘lov tizimi) 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya yilni 312 mlrd so‘m (25 mln dollar) sof foyda bilan yakunlagan.
Kompaniyaning sof foydasi 2024-yilga nisbatan 144 mlrd so‘mga yoki 85,7 foizga oshgan.

Infografika: tanga.uz
Daromadi esa 2 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 629 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Xarajatlar ham o‘z navbatida 3,4 barobarga ko‘payib, 111 mlrd so‘mga yetgan.
Xarajatlarning katta qismi, aniqrog‘i, 60,8 mlrd so‘mi (2024-yilda 21 mlrd so‘m) ma’muriy xarajatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, sotish xarajatlari ham yetti barobardan ko‘proqqa oshib, 7 mlrd so‘mga yetdi.
2025-yilda HUMO to‘lov tizimining daromadlari oshganiga qaramay, soliq to‘lovlari kamaygan.
Kompaniya 2024-yilda 31 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2 barobardan ko‘proqqa kamayib, 15,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, kompaniya 2026-yilning 1-apreliga qadar IT Park rezidenti bo‘lgan. Bu maqom kompaniyaga bir qator soliq imtiyozlarini bergan.
Balans
2025-yilda HUMO to‘lov tizimining aktivlari 280 mlrd so‘mga o‘sib, 714 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Aktivlarning 88 mlrd so‘mi majburiyatlarga, 626 mlrd so‘mi esa xususiy kapitalga to‘g‘ri keladi.
Kompaniya aktivlarining bunday o‘sishiga taqsimlanmagan foydaning 249 mlrd so‘mga oshgani katta ta’sir ko‘rsatgan.
Ustav kapitalida esa o‘zgarish kuzatilmagan — 155 mlrd so‘m.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshida Paynet to‘lov tashkiloti HUMO to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib olgandi.
Avvalroq, UZCARD to‘lov tizimi 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda olgani ma’lum bo‘lgandi.
