O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) o‘z aksiyalarini IPO orqali birlamchi joylashtirish niyatini tasdiqlab, uning asosiy parametrlarini e’lon qildi.
Mazkur joylashtiruv doirasida jamg‘arma oddiy aksiyalar hamda global depozitar tilxatlar (GDR) ko‘rinishidagi qimmatli qog‘ozlarni taklif etadi.
GDR (Global Depositary Receipt) — bu kompaniya aksiyalarining xorijiy investorlar uchun mo‘ljallangan shaklidir.
Oddiy aksiyalarni Toshkent fond birjasi, GDR’larni esa xalqaro investorlar uchun London fond birjasi orqali muomalaga chiqarish ko'zda tutilgan.
IPO bo‘yicha yakuniy narx va sotiladigan aksiyalar miqdori talabni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2026-yil may oyi o‘rtalarida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng, ko‘p o‘tmay aksiyalarni joylashtirish amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Xalqaro qism doirasida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel boshqaruvidagi fondlar hamda Allan & Gill Gray Foundation bilan bog‘liq tuzilmalar tomonidan taxminan 300 mln dollarlik GDR’larga obuna bo‘lish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Qimmatli qog‘ozlar amaldagi milliy va xalqaro qonunchilik talablariga muvofiq institutsional hamda malakali chakana investorlar o‘rtasida joylashtiriladi.
Ta’kidlanishicha, barcha qimmatli qog‘ozlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqariladi va jamg‘arma ushbu joylashtirishdan tushgan mablag‘larni olmaydi.
Ma’lumot uchun, UzNIF davlatga tegishli 13 ta yirik kompaniyaning 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan strategik ulushiga egalik qiladi.
.jpg)
Infografika: tanga.uz
Avvalroq, jamg‘arma oddiy aksiyalarini yiriklashtirayotgani haqida yozgandik.
