Umidjon Hakimov Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari (Ma’muriy ishlar bo‘yicha direktor) lavozimiga tayinlandi.
Bu bo‘yicha tegishli qaror bank Kuzatuv kengashining 16-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi.
Uning nomzodi Markaziy bank tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli ruxsat olingach, o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.
Hakimov ushbu lavozimda 2019-yildan 2026-yilning mart oyigacha ishlab kelgan Malik Avazovning o‘rnini egallaydi.
Ma’lumot uchun, Malik Avazov 11-mart kuni ANORBANK Kuzatuv kengashi qarori bilan bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Umidjon Hakimov haqida
Umidjon Abduxoliqovich Hakimov 1971-yilda tug‘ilgan.
2002-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2011-yilda esa London Biznes maktabining MBA dasturini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1999-yilda Ipak Yuli Bank tizimida boshlagan.
2011−2021-yillarda Asia Alliance Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2021-yildan 2023-yil boshigacha ushbu bankning boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
2023-yilda esa Ipoteka-bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.
