Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

15.03.2026 10:24
Bu hafta (9-martdan 15-martgacha) bank tizimiga oid bir qancha yangiliklar e’lon qilindi. Jumladan, uchta bank tizimidagi zaiflik sababli 3025 nafar mijozga jami 17 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.uz

Uzum ekotizimi 2,3 mlrd dollarga baholandi

Uzum ekotizimi strategik investitsiya raundi doirasida 130 mln dollar sarmoya jalb etdi. 

Ushbu raundda O‘mon Sultonligining suveren investitsiya fondi yetakchi investor bo‘ldi. 

Shuningdek, raundda kompaniyaning joriy investorlari VR Capital, Tencent va FinSight Ventures ham ishtirok etdi. 

Bitim doirasida Uzum ekotizimi 2,3 mlrd dollarga baholandi. Taqqoslash uchun, 2025-yil avgust oyida bu ko‘rsatkich 1,5 mlrd dollar edi. 

Jalb etilgan mablag‘lar kompaniyaning elektron tijorat va fintex servislarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Qaysi banklar yoshlarga 18 foizli kredit ajratmoqda?

AloqaBank hamda Asakabank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun 18 foizli kredit ajratmoqda. 

Kreditning maksimal miqdori 100 mln so‘mgacha bo‘lib, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga taqdim etiladi. 

Imtiyozli davr ikki yilgacha belgilangan. Kreditning boshqa shartlari hamda ariza qoldirish haqida batafsil

Bu hafta mikroqarz stavkalari o‘zgarmadi

10-mart holatiga ko‘ra, tijorat banklarida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 29,6 foizni tashkil etmoqda.

So‘nggi bir hafta ichida bu ko‘rsatkich o‘zgarmagan. Avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka esa 0,1 foiz bandga oshib, 22,6 foizni tashkil etdi.

Alif ekotizimi zypl.ai startapiga integratsiya qilinadi

zypl.ai startapi Hofiz Shahidiydan 2 mln dollar sarmoya jalb qildi. Bitim yakuniga ko‘ra, startap 80 mln dollarga baholandi. 

Rejaga ko‘ra, startap kiritilgan sarmoyani o‘z xizmatlarini rivojlantirishga yo‘naltiradi. 

Shuningdek, startap xizmatlarini Alif ekotizimiga integratsiya qilish ham rejalashtirilgan. 

Hofiz Shahidiy Alif ekotizimining ham investorlaridan biri bo‘lib, 2019-yilda ekotizimning 25 foiz ulushini sotib olgan. 

Investor bugungi kunda Alif ekotizimining O‘zbekistondagi biznesi Alif Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi ham hisoblanadi.

zypl.ai — sun’iy intellektga asoslangan startap bo‘lib, asosan banklar va moliyaviy tashkilotlar uchun kredit riskini baholash, skoring va firibgarlikni aniqlash texnologiyalarini yaratadi

O‘zbekistonda faktoring xizmatlari 5 barobarga o‘sdi

2025-yilda kredit tashkilotlari tomonidan 9 trln 470 mlrd so‘mlik faktoring xizmati ko‘rsatildi. 

Bu 2024-yilga nisbatan 7 trln 610 mlrd so‘mga yoki 5 barobarga ko‘pdir.

Ko‘rsatilgan xizmatlarning 93 foizi tijorat banklari, qolgan qismi esa mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. 

Banklar ichida Asakabank (1,5 trln so‘m) eng ko‘p faktoring xizmatini ko‘rsatgan. 

Banklarda faktoring xizmatining o‘rtacha stavkasi 2 foizni tashkil etmoqda.

Yil davomida ko‘rsatilgan faktoring xizmatlarining 43 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan

Banklar kiberjinoyat oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi

Prezident raisligida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan taqdimot bo‘lib o‘tdi. 

Unda aytilishicha, 2025-yilda firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘riliklarning esa 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. 

Bu jinoyatlar oqibatida aholi va biznesga 2 trln so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazilgan. 

Shuningdek, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik sababli 3025 nafar mijozga jami 17 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aytildi. 

Shu bois tijorat banklari, to‘lov tizimlari va to‘lov tashkilotlari kiberjinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishi belgilandi

Xalq Banki ipoteka miqdorini oshirdi

Xalq Banki yangi xonadon xaridi uchun ipoteka kreditining miqdorini oshirdi. 

Endilikda bankda kredit miqdori Toshkent shahri uchun 480 mln so‘mni, boshqa hududlarda esa 380 mln so‘mni tashkil etadi.

Markaziy bank Toshkent shahar Bosh boshqarmasiga boshliq tayinlandi

Bahodir Kenjayev Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 

Bu haqda Bankers.uz manbalari xabar bermoqda. Bahodir Kenjayev 1980-yil Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 

Foto: Markaziy bank Toshkent shahar Bosh boshqarmasi

2007-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2012-yilda esa Toshkent Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida tijorat banklarida turli lavozimlarda, shu jumladan rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar u 2024-yil 4-apreldan buyon SQB’ning Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish departamenti bosh menejeri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning fevral oyidan Bosh boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan Davron Ismatov o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentning Sergeli tumaniga hokim etib tayinlangan edi.

Apex Bank o‘z departamentiga direktor tayinladi

11-mart kuni Trastbank Kuzatuv kengashi qarori bilan bankning yuridik departamenti direktori Olimxon Hikmatullayev lavozimidan bo'shatildi. 

Foto: @bankmoliya_tayinlov / Telegram

Tayinlovlar kanalining ma’lum qilishicha, Hikmatullayev Apex Bank Yuridik departamenti direktori etib tayinlangan.

Malik Avazov ANORBANK boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi

11-mart kuni ANORBANK Kuzatuv kengashi qarori bilan Malik Avazov bank boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. 

Foto: Ipak Yuli Bank

Avazov bunga qadar Ipak Yuli Bank Boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 4-mart kuni esa lavozimdan ozod etilgan

Eslatib o‘tamiz, ANORBANK boshqaruv a’zolari sonini 7 nafardan 9 nafargacha yetkazishga qaror qilgan. Yangi tayinlovlar aynan mazkur qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar