Asakabank aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish jadallashtiriladi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, bank aksiyalarining 15 foizini Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga sotish bo‘yicha kelishuv imzolangan.
Ushbu jarayonni sifatli tashkil etish uchun nufuzli investitsiya banki yoki xalqaro yuridik kompaniya moliyaviy maslahatchi sifatida jalb qilinadi.
Shuningdek, bank faoliyatida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar kutilmoqda.
Bunda bankning barcha amaliyotlari faqat bozor tamoyillari va xatarlarni boshqarish tizimi talablari asosida amalga oshiriladi.
Bankning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan va unga qo‘shimcha yuklangan har qanday vazifalarni bajarish to‘xtatiladi.
Bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish va investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida davlat tomonidan sezilarli yordam ko‘rsatiladi.
Jumladan, 2026-yilda davlat byudjeti hisobidan bank ustav kapitaliga 95 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, bankning 2024–2025-yillardagi sof foydasi taqsimlanmaydi va oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lanmaydi.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar sababli bankda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlar davlat tomonidan qoplanishi belgilangan.
Qarorda bankni o‘zining asosiy faoliyatiga kirmaydigan yirik mulkiy majmualar va investitsiya loyihalaridan ozod etish ham ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, bank balansiga olingan sobiq Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodining mulkiy majmuasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.
Uning qiymati kelgusida xususiylashtirish dasturi doirasida tushadigan mablag‘lar hisobidan bankka qoplab beriladi.
Qiymati 382,6 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha va ulushlar keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan agentlikka topshiriladi.

Skrinshot: Prezident qarori
Bank moliyalashtirishi rejalashtirilgan, umumiy qiymati 780 mlrd so‘mlik farmatsevtika fondlari UzVC milliy venchur fondiga o‘tkaziladi.

Skrinshot: Prezident qarori
Aktivlar agentlikka o‘tkazilishi oqibatida bank kapitali kamayib ketmasligi uchun ham choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yilgan.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank oldidagi qariyb 1,98 trln so‘mlik kredit majburiyatlari ustav kapitaliga aylantiriladi.

Skrinshot: Prezident qarori
Mazkur qaror O‘zbekiston bank sektoridagi yirik davlat banklaridan birini to‘liq tijoratlashtirish va xorijiy kapitalni jalb qilish yo‘lidagi hal qiluvchi qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, Asakabank kredit portfeli 40 trln 684 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 1 trln 829 mlrd so‘mi yoki 4,5 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bank muammoli kreditlar yuqoriligi bo‘yicha davlat banklari orasida Mikrokreditbank’dan keyingi o‘rinda turibdi.
