Uztelecom kompaniyasi 2026-yil I chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrni 412 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 barobarga oshgan.
Daromadi esa 316 mlrd so‘mga oshib, 2 trln 836 mlrd so‘mga yetgan.

Infografika: tanga.uz
Sof foydaning bunday keskin o‘sishiga valyuta kursi farqlaridan olingan daromadning keskin ortishi katta ta’sir ko‘rsatgan.
Ushbu davrda kompaniyaning mazkur daromadi salkam 12 barobarga oshib, 244 mlrd so‘mga yetgan.
Operatsion xarajatlar esa 94 mlrd so‘mga ko‘payib, 566 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Xarajatlar tarkibida eng sezilarli o‘sish sotish xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur xarajat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga oshib, 240 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Tannarx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli o‘zgarmagan — 1 trln 676 mlrd so‘m.
Hisobot davri uchun kompaniya 58 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 baravar ko‘pdir.
Balans
2026-yilning birinchi choragida Uztelecom aktivlari 3,5 trln so‘mga oshib, 17 trln so‘mga yetgan.
Aktivlarning bunday o‘sishiga majburiyatlarning 3,1 trln so‘mga ko‘payib, 13,6 trln so‘mga yetgani ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, kompaniyaning xususiy kapitali ushbu davrda 401 mlrd so‘mga oshib, 3,4 trln so‘mni tashkil qilgan.
Bu davrda kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi deyarli ikki barobarga oshib, 1 trln so‘mga yetgan.
Kompaniyaning ustav kapitali esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan — 326 mlrd so‘m.
Avvalroq, Uztelecom sof foydasi 2025-yilda 14 barobarga oshib, 591 mlrd so‘mga yetgani ma'lum bo'lgandi.
