Milliy investitsiya fondining (UzNIF) aksiyalari rasman Toshkent fond birjasida savdo qilinadigan kompaniyalar ro‘yxatiga qo‘shildi. Bu haqda birja axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 7-may kuni fondning oddiy aksiyalari birja kotirovkalash varag‘i "Stock Market" maydonchasining "Premium" toifasiga kiritilgan.
Oddiy aksiyalar birjada UZ7058980010 kodi va UZNF tickeri ostida savdoga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida UzNIF aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayoni boshlandi.
Jarayon 12-mayga qadar davom etadi. Shu davr mobaynida investorlar ariza berishlari mumkin.
Xalqaro bozorda arizalar qabuli London vaqti bilan soat 12:00 da, Toshkentda esa soat 17:00 da yakunlanadi.
Aksiyalar narxi chakana investorlar uchun 4,65 so‘m etib belgilandi. GDR narxi esa 25 dollarni tashkil etadi.
Jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarga 5 foizlik chegirma taqdim etiladi va ular uchun aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil qiladi.
Chakana investorlar aksiyalarni mahalliy brokerlar yoki Jett platformasi orqali sotib olish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Buning uchun oldindan brokerlik hisobvarag‘ini ochish talab etiladi.
IPO yakunlangach, 18-may kuni aksiyalar Toshkent fond birjasida, GDR esa London fond birjasida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.
