Ozarbayjon Xalqaro Banki (ABB) O‘zbekistondagi Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib olmoqda.
Bu haqda Ozarbayjonning Report axborot agentligi ABB boshqaruv raisi Abbos Ibragimovga tayanib xabar berdi.

Abbos Ibragimov / Foto: ABB
Nashrning yozishicha, tomonlar bitimni 2026-yilning ikkinchi yarmida yakunlaydi va ABB O‘zbekiston bozorida faoliyat boshlaydi.
Abbos Ibragimovning nashrga ma’lum qilishicha, bankning nazorat paketini sotib olish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.
Ruxsatnomalarni olish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari tez fursatda yakunlanishiga umid qilamiz. Shundan so‘ng ABB — mamlakatimizning xalqaro bank brendi — O‘zbekistonda ABB Davr Bank nomi ostida taqdim etiladi — degan Ibragimov Report nashriga.
Abbos Ibragimovning aytishicha, Davr Bank aktivlari taxminan 1 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, bankni sotib olishga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 100 mln dollardan oshishi kutilmoqda.
Ibragimovning ma’lum qilishicha, ABB 2025-yilni 404,5 mln manat (taxminan 240 mln dollar) sof foyda bilan yakunlagan.

Foto: ABB
Uning kredit portfeli esa 12 foizga o‘sib, 7 mlrd manatdan (taxminan 4,2 mlrd dollar) oshgan.
2026-yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Davr Bank aktivlari 12,6 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Aktivlarning 2,2 trln so‘mini xususiy kapital tashkil etadi. Davr Bank 2025-yilda 631,5 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
