Soliq qo‘mitasi biznesda rahbar xodimlarning bank kartalarini tekshirishni boshladi

13.05.2026 06:31
O'zbekchaРусский
Soliq qo‘mitasi yuridik shaxslar rahbar xodimlarining plastik kartalarini tekshirishni boshladi. Qo‘mitaga ko‘ra, P2P o‘tkazmalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks etmagan. Natijada davlat budjeti tushumlari to‘liq shakllanmay qolayotgani ta’kidlandi.
Soliq qo‘mitasi biznesda rahbar xodimlarning bank kartalarini tekshirishni boshladi

Foto: Tu Cochinito

Soliq qo‘mitasi yuridik shaxslar rahbarlarining bank plastik kartalariga kelib tushayotgan mablag‘larni tekshirishni boshladi. Bu haqda qo‘mita o‘z rasmiy sahifasida xabar berdi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, kartadan kartaga o‘tkazmalar (P2P) orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmagani sababli davlat byudjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmay qolmoqda.

Shu munosabat bilan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda va soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilayotgani qayd etilgan.

Bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni ta’minlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan — deyiladi qo‘mita xabarida.

Avvalroq, banklar va to‘lov tashkilotlariga P2P o‘tkazmalarida o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish amaliyotini joriy etish talabi qo‘yilgan edi.

Biroq ko‘p o‘tmay, ushbu amaliyot ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi.

#p2p#soliq_qo'mitasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar