Mikrokreditbank boshqaruvi vaqtincha Ikrom Jumaniyozov zimmasiga yuklatildi

15.05.2026 06:37
O'zbekchaРусский
Orif Butayev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Mikrokreditbankni vaqtincha boshqarish Ikrom Jumaniyozov zimmasiga yuklatildi. Jumaniyozov 2022-yildan buyon mazkur bankda boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Mikrokreditbank boshqaruvi vaqtincha Ikrom Jumaniyozov zimmasiga yuklatildi

Ikrom Jumaniyozov / Foto: MKBANK

Orif Butayev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Mikrokreditbankni vaqtincha boshqarish Ikrom Jumaniyozov zimmasiga yuklatildi.

Bu haqda bank kuzatuv kengashi majlisining tegishli bayonnomasida ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, Jumaniyozov 13-maydan boshlab yangi rahbar tayinlanguniga qadar bankni vaqtincha boshqarib turadi.

U 2022-yildan buyon mazkur bankda boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yildan buyon Mikrokreditbankni boshqarib kelgan Orif Butayev 12-may kuni Prezident qarori bilan Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlangan edi.

Ikrom Jumaniyozov haqida

Jumaniyozov Ikrom Karimbayevich 1985-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan.

2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (bakalavr), 2008-yilda esa shu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan.

Shuningdek, 2011-yilda Toshkent davlat yuridik institutini bitirgan. Mutaxassisligi — buxgalteriya hisobi va audit hamda yurisprudensiya.

Jumaniyozov mehnat faoliyatini 2007-yilda O‘zmilliybank tizimidagi Banklararo hisob-kitob markazining Xalqaro hujjatli operatsiyalar boshqarmasida boshlagan.

2013-yilga kelib, boshqarmaning 1-toifali mutaxassisi darajasiga ko‘tarilgan.

2013-yilda Moliya vazirligiga ishga o‘tib, u yerda 2022-yilgacha faoliyat yuritgan.

Uning vazirlikdagi so‘nggi lavozimi Axborot-hisoblash markazi direktori bo‘lgan.

2022-yil dekabr oyidan buyon esa Mikrokreditbank boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

#mikrokreditbank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar