UzChasys kompaniyasidagi davlat ulushi 28 mln dollarga sotildi

26.05.2026 08:00
O'zbekchaРусский
UzChasys qo‘shma korxonasidagi 70 foiz davlat ulushi auksionda 333 mlrd so‘mga sotildi. Kimoshdi savdosi 52 daqiqa davom etdi. Yakunda boshlang‘ich narxdan (184 mlrd so‘m) 1,8 barobar yuqori taklif bergan “Best Pipe And Parts” AJ g‘olib bo‘ldi.
UzChasys kompaniyasidagi davlat ulushi 28 mln dollarga sotildi

Foto: E-auksion

UzChasys qo‘shma korxonasidagi 70 foiz davlat ulushi auksionda 333 mlrd so‘mga (27,75 mln dollar) sotildi.

Kimoshdi savdosi 25-may kuni soat 10:00 da boshlanib, 52 daqiqa davom etdi.

Skrinshot: E-auksion

Yakunda boshlang‘ich narxdan (184 mlrd so‘m) 1,8 barobar yuqori taklif bergan “Best Pipe And Parts” AJ g‘olib bo‘ldi.

UzChasys haqida

UzChasys korxonasi UzAuto Motors avtomobillari uchun yoritish chiroqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Manba: stat.uz

U Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 4,13 gektarni tashkil etadi.

Foto: E-auksion

Korxonaning 2025-yil yakunlari bo‘yicha buxgalteriya hisobotiga ko‘ra, aylanma aktivlari 169 mlrd so‘mni, debitorlik qarzdorligi 18 mlrd so‘mni, kredit qarzdorligi esa 100 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Xaridor majburiyatlari

O‘zavtosanoat tomonidan korxona ulushini sotib oluvchi investorlar uchun bir qator majburiy talablar belgilangan.

Unga ko‘ra, investor avtomobilsozlik yoki avtotransport vositalarini ishlab chiqarish, sotish hamda servis xizmatlari ko‘rsatish sohasida yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, investor korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi shart.

Investor va korxona faoliyati avtomobilsozlik sohasida davlat tomonidan belgilangan vazifa va maqsadli ko‘rsatkichlarga mos ravishda olib borilishi lozim.

Shu bilan birga, mahsulotlar General Motors standartlari hamda UzAuto Motors talablariga to‘liq javob berishi talab etiladi.

Xaridor kompaniya haqida

Best Pipe And Parts korxonasi avtomobillar uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarish sohasida ro‘yxatga olingan.

Korxona 2025-yilning avgust oyida “Avto Climate Control” MChJning 100 foiz davlat ulushini 230 mlrd so‘mga sotib olgandi.

Ushbu korxona avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

iHamkor ma’lumotlarida “Best Pipe And Parts” AJning asosiy aksiyadori UzAuto Korea kompaniyasi ko‘rsatilgan.

#E-auksion#uzchasys

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar