Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarni e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, jamg‘arma yilni 1 trln 403 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Ma’lumot uchun, UzNIF 2024-yil 27-avgustda tashkil etilgan bo‘lib, uning o‘sha yilgi moliyaviy hisoboti e’lon qilinmagan.
Jamg‘arma davlatga qarashli 13 ta yirik kompaniyaning 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan strategik ulushiga egalik qiladi.
Fond aynan ushbu ulushlar hisobidan 2025-yilda 1 trln 662 mlrd so‘m daromad ko‘rgan. Xarajatlari esa 203 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Jamg‘arma yil davomida dividend to‘lovlari orqali 171 mlrd so‘m daromad olgan. Hisobot yili uchun esa 227 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘ladi.
Balans
2025-yil yakunlariga ko‘ra, UzNIF aktivlari 30 trln 286 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Shundan 29 trln 861 mlrd so‘mi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 425 mlrd so‘m esa jamg‘arma majburiyatlari hisoblanadi.
Xususiy kapitalning katta qismi, aniqrog‘i 25 trln 271 mlrd so‘mi, jamg‘armaning ustav kapitalidir.
Shuningdek, xususiy kapitalning 1,4 trln so‘mi taqsimlanmagan foyda, 3 trln 187 mlrd so‘mi esa qo‘shilgan kapital hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, 18-may kuni Toshkent fond birjasida UzNIF aksiyalari bilan savdolar boshlangan edi.
Savdolarning ilk kunidayoq fond aksiyalari 40 foizlik o‘sishni qayd etgan.
