TBC Bank OLX e’lonlar platformasining nazorat paketini rasman sotib oldi

05.06.2026 06:29
O'zbekchaРусский
Raqobat qo‘mitasi TBC Bank guruhiga aloqador kompaniyaning OLX e’lonlar platformasini sotib olishiga rozilik berdi. Qo‘mita raqobatga doir bir qator talablarni kiritgan holda bitimga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
TBC Bank OLX e’lonlar platformasining nazorat paketini rasman sotib oldi

Foto: tanga.uz

Raqobat qo‘mitasi TBC Bank guruhiga aloqador kompaniyaning OLX e’lonlar platformasini sotib olishiga rozilik berdi.

Qo‘mita raqobatga doir bir qator talablarni kiritgan holda bitimga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Shuningdek, qo‘mita TBC Bank guruhining O‘zbekistonda TBC Bank raqamli banki hamda Payme to‘lov tashkilotiga egalik qilishini inobatga olganini ma’lum qildi.

Shu bois qo‘mita raqobatni cheklovchi omillarni hisobga olib, bir qator talablar qo‘ygan.

Jumladan, OLX platformasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda faqat Payme hamda TBC Bank mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik talabi qo‘yilgan.

Shuningdek, ularga raqobatchi bo‘lgan boshqa to‘lov ilovalariga ham teng sharoitlar yaratish choralari ko‘rilishi belgilangan.

Shu bilan birga, Payme hamda OLX platformalari ustun mavqega ega bo‘lgani bois, mazkur maqomni suiiste’mol qilmaslik talab etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning avgust oyida Gruziyaning TBC Bank Group kompaniyasi OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib olayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Bank ushbu xarid uchun Titan Investments xalqaro investitsiya kompaniyasi bilan kelishib, qo‘shma korxona tashkil etgani xabar qilingandi.

Qo‘mita xabarida mazkur qo‘shma korxona Tapuz Limited ekani ma’lum qilingan.

Kelishuvga ko‘ra, qo‘shma korxona OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizini sotib oladi. Xarid va baholash qiymati oshkor etilmagan. 

Bunda TBC Bank Group OLX e’lonlar platformasining 51 foiziga, Titan Investments esa qolgan 49 foiziga egalik qiladi.

Mazkur kelishuv tartibga soluvchi organlar tomonidan ma’qullangach, OLX kompaniyasi TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinishi rejalashtirilgandi.

Avvalroq, OLX kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga qanday kirib kelgani haqida batafsil ma’lumot bergandik.

#OLX#tbc_bank#Raqobat_qo'mitasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar