Gruziyaning TBC Bank Group kompaniyasi OLX Uzbekistan kompaniyasining nazorat paketini sotib olmoqda.
Bank ushbu xarid uchun Titan Investments xalqaro investitsiya kompaniyasi bilan kelishuvga erishib, qo‘shma korxona tashkil etdi.
Kelishuvga ko‘ra, qo‘shma korxona OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizini sotib oladi. Xarid va baholash qiymati hozircha oshkor etilmagan.
Bunda TBC Bank Group OLX’ning 51 foiziga, Titan Investments esa qolgan 49 foiziga egalik qiladi.
Mazkur kelishuv tartibga soluvchi organlar tomonidan ma’qullangach, OLX kompaniyasi TBC Uzbekiston ekotizimiga integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda.
TBC Bank Group kompaniyasining tanga.uz’ga ma’lum qilishicha, OLX Uzbekistan o‘z brendi ostida faoliyatini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-iyul sanasida TBC Bank Group BILLZ startapining 53 foizlik ulushini 9 mln dollarga sotib olgandi.
Keyingi ikki yilda bu ulush 60 foizga yetishi va bitim qiymati 12 mln dollarga chiqishi e’lon qilingandi.
OLX tarixi va O‘zbekistonga kirib kelishi
OLX — "online exchange", ya’ni onlayn almashuv so‘zlarining qisqartmasidan iborat.
Kompaniya 2005-yilda Braziliyada tashkil topgan. Keyinchalik uning bosh kompaniyasi Naspers xoldingining tasarrufiga o‘tadi va boshqa mamlakatlarda o‘z faoliyatini kengaytira boshlaydi.
Kompaniya O‘zbekistonga 2015-yilning mart oyida torg.uz e’lonlar saytini sotib olish orqali kiradi.

Foto: Gazeta.uz
Shu yilning 31-mart sanasida torg.uz OLX brendi ostida ish boshlashi e’lon qilinadi.
O‘sha paytda torg.uz 10 yildan ortiq faoliyati davomida oylik 2,5 mln foydalanuvchiga ega edi.
Shunday qilib, kompaniya O‘zbekiston bozoriga shu tarzda kirib keladi.
Hozirda OLX’ning O‘zbekistondagi biznesiga "Olx Classifieds" MChJ xorijiy kompaniyasi egalik qiladi.
Mazkur kompaniya O‘zbekistonda 2008-yilning 11-iyun sanasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
Uning ustav kapitali 7,3 mlrd so‘mni tashkil etib, ustavning 99,98 foiz ulushi OLX Global B.V kompaniyasiga tegishlidir.
OLX bugun
OLX platformasi veb-sayt hamda mobil ilovaga ega bo‘lib, u O‘zbekistonda eng ko‘p tashrif buyuriladigan oltita saytdan biri hisoblanadi.
Platformaning oylik faol foydalanuvchilari soni 5,4 mln kishini tashkil etadi. Unda joylangan e’lonlar soni esa 2,2 mlntaga yetgan.
Kompaniyaga ko‘p yillardan buyon Turgunov Doniyorbek Xayatbekovich rahbarlik qilib kelmoqda.
