Gruziyaning TBC Bank Group kompaniyasi BILLZ startapining 53 foiz ulushini 9 mln dollarga sotib oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya keyingi ikki yil ichida bu ulushni 60 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Bitim to‘liq yakunlangach, BILLZ startapining qiymati 20 mln dollarga yetishi mumkin.
TBC Bank Group BILLZ platformasi orqali B2B kreditlash modelini joriy etish bilan bizneslarni skoring asosida tahlil qilish va ular uchun aylanma mablag‘ ajratish tizimini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, TBC Uzbekistan Niderlandiyaning Triple Jump investitsiya kompaniyasidan 12,5 mln dollar miqdorida mablag‘ jalb qilingandi. Mazkur mablag‘ orqali kichik va o‘rta biznes segmentini kreditlash xizmatlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgandi.
BILLZ o‘z brendi va jamoasini saqlab qoladi. Kompaniya TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi. Shu orqali BILLZ TBC Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
BILLZ haqida
BILLZ - bu chakana savdoni avtomatlashtiruvchi SaaS platformasidir. Undan 4 mingdan ortiq kichik bizneslar foydalanadi va oyiga 1,5 mlndan ortiq tranzaksiyalarni qayta ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda AloqaVentures fondi mazkur startapga 250 ming dollar sarmoya kiritgani ma’lum bo‘lgandi.
Shunday qilib, bu kelishuv nafaqat O‘zbekistondagi yirik bitim, balki AloqaVentures uchun ham ilk bor o‘zi sarmoya kiritgan startapdagi ulushini sotish (exit) holati hisoblanadi.
