Aprel oyida banklarning muammoli kreditlari 2 trln 56 mlrd so‘mga ortdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 629 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 21 trln 917 mlrd so‘mi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: Markaziy bank
Aprel oyida muammoli kreditlar 2 trln 56 mlrd so‘mga ortgan. Joriy yil boshidan buyon birorta oyda bunday keskin o‘sish kuzatilmagan edi.
Davlat banklari
1-may holatiga ko‘ra, davlat banklarining kredit portfeli 417 trln 262 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 15 trln so‘mi yoki 3,6 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Aprel oyida davlat banklarining muammoli kreditlari 801 mlrd so‘mga ortgan.
Mazkur o‘sishga O‘zmilliybank (+485 mlrd so‘m) hamda Agrobank (+351 mlrd so‘m) ko‘proq hissa qo‘shgan.
SQB (-80 mlrd so‘m), Turonbank (-26 mlrd so‘m) hamda Asakabank’da (-17 mlrd so‘m) esa muammoli kreditlar ulushi kamaygan.
Qolgan davlat banklarining muammoli kreditlarida aprel oyida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Boshqa banklar
1-may holatiga ko‘ra, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning kredit portfeli 211 trln 737 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 6 trln 821 mlrd so‘mi yoki 3,2 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Aprel oyida boshqa banklarning muammoli kreditlari 1 trln 255 mlrd so‘mga ortgan.
Bu o‘sishga Kapitalbank (+439 mlrd so‘m) hamda mybank (+286 mlrd so‘m) ko‘proq hissa qo‘shgan.
Shuningdek, Orient Finans bank (+182 mlrd so‘m), TBC Bank (+111 mlrd so‘m) hamda Trastbank’da (+55 mlrd so‘m) ham muammoli kreditlar hajmi ortgan.
Poytaxt Bank (-35 mlrd so‘m), Garant Bank (-25 mlrd so‘m) hamda Hayot Bank (-21 mlrd so‘m) esa aprel oyida muammoli kreditlarini kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Poytaxt Bank muammoli kreditlari hajmini kamaytira olgan bo‘lsa-da, undagi NPL ulushi yuqoriligicha qolmoqda.
Aprel oyida boshqa banklarning muammoli kreditlari oshganiga qaramay, ularda NPL ulushi (3,2%) davlat banklarining NPL ulushidan (3,6%) past bo‘lib turibdi.
Avvalroq, mart oyida banklarning kredit portfeli qanday o‘zgargani to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
.jpg)