4-iyun kuni Poytaxt Bank bilan bog‘liq kafillik bitimi haqida maqola e’lon qilgan edik.
Poytaxt Bank vakillari mazkur masala yuzasidan Besh Tiyin kanaliga bayonot beribdi.
Unga ko‘ra, ushbu munosabatlarda Poytaxt Bank kafil emas, balki kreditor sifatida ishtirok etgan.
Kafillik esa kredit oluvchining o‘zi tomonidan emas, boshqa bir shaxs tomonidan bank foydasiga rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, bank bunday kredit va ta’minot bitimlari qonunchilikda taqiqlanmaganini, affillanganlik mavjud bo‘lgan taqdirda ham ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ma’qullangan holda rasmiylashtirilishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Poytaxt Bank bank siri va mijozlarga oid ma’lumotlar sababli ayrim bitimlar bo‘yicha batafsil axborot oshkor etilmasligini ham ma’lum qilgan.
Besh Tiyin kanali muallifi mazkur bayonotga quyidagi savolni qo‘ygan: Qiziq, bu tartib amalda bankni affillangan bitimlar xatarlaridan qay darajada himoya qila oladi?
Eslatib o‘tamiz, 3-iyun kuni Korporativ axborot yagona portalida Poytaxt Bank affillangan shaxs bilan tuzgan bitimi e’lon qilingan edi.
Mazkur axborotda bank Goods For Kids korxonasining 1,22 mln dollarlik majburiyatlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha kafillik bergani qayd etilgan.
