Poytaxt Bank kafillik bitimi ortidagi korporativ aloqalar

04.06.2026 14:05
O'zbekchaРусский
1-iyun kuni Poytaxt Bank kuzatuv kengashi qarori bilan Goods For Kids korxonasining majburiyatlari yuzasidan 1,22 mln dollar miqdorida kafillik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. tanga.uz quyida kafillik bitimi ortidagi korporativ aloqalar to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Poytaxt Bank kafillik bitimi ortidagi korporativ aloqalar

Foto: Poytaxt Bank

4-iyun kuni Poytaxt Bank “Goods For Kids” MChJ bilan 1,22 mln dollarlik kafillik bitimi tuzganini ma’lum qildi.

Mazkur bitimning e’tiborli jihati shundaki, kafillik berilayotgan korxonaning ta’sischisi bank Kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari Sardor Hamdamov hisoblanadi.

Bunga Besh Tiyin kanali muallifi e’tibor qaratgan. Joriy yilda Poytaxt Bank o‘zining kuzatuv kengashi va rahbariyatini yangiladi.

Dastlab fevral oyida bank kuzatuv kengashi tarkibi yangilangan bo‘lsa, may oyida bank rahbariyati ham o‘zgardi.

Aynan shu yangilangan tarkibda Goods For Kids korxonasi ta’sischisi Sardor Hamdamov ham bor edi. Shu bois korxona bankning affillangan shaxslari ro‘yxatidan joy olgan.

Poytaxt Bank Kuzatuv kengashi tarkibi

1-iyun kuni Poytaxt Bank korxona majburiyatlari yuzasidan 1,22 mln dollar miqdorida kafillik berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu bitim bankning kuzatuv kengashi qarori asosida tasdiqlangan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Goods For Kids korxonasi 2025-yilning 11-sentyabrida ixtisoslashmagan ulgurji savdo faoliyati bo‘yicha ro‘yxatga olingan.

2025-yil 13-sentyabrdagi ma’lumotlarda korxonaning ustav kapitali 100 mln so‘mni tashkil etishi ko‘rsatilgan.

E’tiborli jihati, korxona 2026-yilning 22-may kuni qayta ro‘yxatdan o‘tgan. Kafillik bitimi bundan o‘n kun o‘tib tuzilgan.

So‘nggi ma’lumotlarda korxona ustav kapitali 1 mlrd 466 mln so‘mga yetganini ko‘rish mumkin.

Manba: stat.uz

Yana bir jihat, korxona birinchi bor ro‘yxatdan o‘tganda uning ta’sischilari soni uch nafar bo‘lgan. Ular orasida Sardor Hamdamovdan tashqari Bahodir Saparov hamda Saidamir Qosimov ham bo‘lgan.

Manba: orginfo

Bahodir Saparov Poytaxt Bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi hisoblanadi. U ham Sardor Hamdamov kabi 2026-yil fevral oyida kengash tarkibiga kiritilgan.

Mazkur masala yuzasidan G‘azna kanali muallifi ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Muallifning fikricha, dunyo tajribasida banklar bilan bog‘liq yirik muammolar aynan affillangan kompaniyalar, kafilliklar va o‘zaro bog‘liqlikdagi bitimlar orqali yuzaga keladi. Bunga misol sifatida u Probiznesbank ishini keltirgan.

Ma’lumot uchun, Poytaxt Bank xususiy bank bo‘lib, uning yagona aksiyadori Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan Bond Investment Group Limited hisoblanadi.

#Poytaxt_Bank#goods_for_kids

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar