Renesans mikromoliya tashkiloti Amerikaning Central Asia Impact Fund xalqaro investitsiya fondi bilan bitim tuzdi.
Bitimga ko‘ra, tashkilot fonddan 12 mlrd so‘m kredit jalb qiladi.
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi ushbu bitim 8-iyun kuni tuzilgan.
Kreditning stavkasi, muddati va boshqa shartlari oshkor qilinmagan.
Jalb qilingan mablag‘lar tashkilotning aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Central Asia Impact investitsiya fondi AV Ventures va AV Frontiers tomonidan boshqariladigan investitsiya tuzilmasidir.
AV Frontiers esa Qirg‘izistonning Bishkek shahrida joylashgan bo‘lib, AV Ventures va Qirg‘izistonning Frontiers moliya instituti tomonidan birgalikda tashkil etilgan.
AV Frontiers asosiy faoliyat turi Markaziy Osiyodagi mikromoliya tashkilotlariga ulgurji kreditlar berishdan iborat.
Ma’lumot o'rnida, Renesans mikromoliya tashkilotining sof aktivlari 66,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.
2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, kredit portfeli qoldig‘i esa 277,3 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 3,3 mlrd so‘mi yoki 1,2 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Agat Credit mikromoliya tashkiloti aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida Biznesni Rivojlantirish Bankidan 50 mlrd so‘m kredit olgandi.
