Fitch Ratings O‘zbekistondagi davlat banklarining kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini yaxshiladi

10.06.2026 10:44
O'zbekchaРусский
Fitch Ratings agentligi O‘zbekistondagi davlat banklarining kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Turonbank’dan tashqari qolgan davlat banklarining kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlagan.
Fitch Ratings O‘zbekistondagi davlat banklarining kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini yaxshiladi

Foto: Alamy

Nufuzli xalqaro reyting agentliklaridan biri Fitch Ratings O‘zbekistondagi davlat banklarining kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini yaxshiladi.

Agentlik Turonbank’dan tashqari qolgan davlat banklarining kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlagan holda, kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.

Turonbank’ning kredit reytingi esa agentlik tomonidan “BB-” darajasida tasdiqlangan.

3-iyun kuni agentlik O‘zbekistonning suveren kredit reytingini ham xuddi shu “BB” darajasida tasdiqlab, kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgan edi. Endilikda mazkur qaror davlat banklari reytingiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Agentlik fikricha, davlatning moliyaviy holati va xalqaro zaxiralari hajmi zarurat tug‘ilganda ushbu banklarga yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Reyting agentligi O‘zmilliybank, Agrobank, Xalq Banki, Biznesni Rivojlantirish Banki, AloqaBank va Mikrokreditbank’ni davlat siyosatini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydigan moliyaviy institutlar sifatida e’tirof etdi.

Xususan, O‘zmilliybank va Agrobank iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini kreditlashda muhim o‘rin tutadi. Xalq Banki, BRB, AloqaBank va MKBANK esa aholiga hamda tadbirkorlarga yo‘naltirilgan ijtimoiy va imtiyozli kredit dasturlarini moliyalashtirishda faol ishtirok etadi.

Turonbank’ning reytingi esa mamlakatning suveren reytingidan bir pog‘ona pastligicha qolmoqda.

Agentlik bunga bankning hajmi nisbatan kichikligi, tizimdagi ulushining cheklanganligi va davlat siyosatini amalga oshirishdagi roli boshqa yirik davlat banklariga qaraganda kamroq ekanini sabab qilib ko‘rsatdi.

Kelgusi reyting harakatlari masalasida agentlik banklar reytinglari ko‘p jihatdan O‘zbekistonning suveren reytingiga bog‘liqligini qayd etdi.

Agar mamlakatning suveren reytingi oshirilsa va davlatning banklarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi saqlanib qolsa, banklar reytinglari ham ko‘tarilishi mumkin.

Aksincha, suveren reytingning pasayishi yoki davlat yordami imkoniyatlarining zaiflashishi banklar reytinglariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor.

Mikrokreditbank bo‘yicha esa alohida shart qo‘yildi. Agentlik ushbu bank reytingining oshirilishi uchun oldingi davrlardan qolgan muammoli aktivlar bilan bog‘liq xatarlarning to‘liq bartaraf etilishi zarurligini ta’kidladi.

Hisobotda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv omillariga ham baho berilgan.

Fitch davlatning banklar boshqaruvidagi faol ishtiroki korporativ boshqaruv nuqtayi nazaridan kredit profiliga ma’lum darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.

#fitch#davlat_banklari

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar