IT Park Ventures fondi Ayan Capital startapiga 1 mln dollar sarmoya kiritdi

10.06.2026 13:09
O'zbekchaРусский
IT Park Ventures fondi Ayan Capital islomiy fintex startapiga 1 mln dollar sarmoya kiritdi. Startap jalb qilingan mablag‘larni faoliyatini yanada kengaytirish, texnologik yechimlarni takomillashtirish hamda dasturchilar jamoasini kuchaytirishga yo‘naltirmoqchi.
IT Park Ventures fondi Ayan Capital startapiga 1 mln dollar sarmoya kiritdi

Alif hamda Ayan Capital asoschilari

IT Park Ventures fondi Ayan Capital islomiy fintex startapiga 1 mln dollar sarmoya kiritdi. Bu haqda fondning rasmiy sahifasida xabar berildi.

Bu fondning uchinchi yirik sarmoyasi bo‘lib, birinchi bor 2025-yilning iyun oyida Flex Soft startapiga, joriy yilning fevral oyida esa Smartup startapiga xuddi shuncha miqdorda sarmoya kiritgan edi.

Fond xabariga ko‘ra, ushbu investitsiya raundida startap jami 4 mln dollar sarmoya jalb qilgan. Raundda Buyuk Britaniya va Shveysariyadan xalqaro investorlar ham ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, startap jalb qilingan mablag‘larni faoliyatini yanada kengaytirish, texnologik yechimlarni takomillashtirish hamda dasturchilar jamoasini kuchaytirishga yo‘naltirmoqchi.

Ma’lumot uchun, Ayan Capital startapiga Alif fintex kompaniyasi asoschilari Abdullo Qurbonov, Firdavs Mirzoyev va Zuhursho Rahmatulloyev tomonidan asos solingan. Startap o‘z faoliyatini Buyuk Britaniyaning London shahrida olib boradi.

Bugungi kunda kompaniya jismoniy shaxslar, tadbirkorlar va biznes vakillari uchun avtomobillarni to‘liq raqamli halol moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etadi.

Shuningdek, Ayan Pay to‘lov platformasi, debet kartalari, islomiy depozitlar va muddatli to‘lov yechimlari kabi yangi moliyaviy mahsulotlarni ham faol rivojlantirmoqda.

Xabarda aytilishicha, startap Buyuk Britaniyaning Moliyaviy xulq-atvorni nazorat qilish boshqarmasi (FCA) litsenziyasiga ega.

Ma’lumot uchun, IT Park Ventures fondi davlat tomonidan ta’sis etilgan. May oyida fond o‘z kapitalini 3 baravarga oshirib, 30 mln dollarga yetkazganini e’lon qilgan edi.

Shuningdek, bitta startap uchun 3 mln dollargacha bo‘lgan investitsiya cheklarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.

#IT_Park_Ventures#ayan_capital

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar