Navoiy kon-metallurgiya kombinatida oltin ishlab chiqarish hajmi qisqardi. Bu haqda kombinatning hisobotida ma’lumot berilgan.
Kombinat 2025-yilning birinchi choragida 23,43 tonna oltin ishlab chiqargan bo‘lsa, 2026-yilning shu davriga kelib bu ko‘rsatkich 0,52 tonnaga kamayib, 22,91 tonnani tashkil etgan.

Manba: NKMK
Biroq, ishlab chiqarilgan mahsulot qiymati oltin narxining ko‘tarilishi hisobiga keskin oshgan.
Xususan, kombinat 2025-yilning birinchi choragida 27,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 16,2 trln so‘mga o‘sib, 44 trln so‘mga yetgan.
NKMK hisobotiga ko‘ra, chorak davomida Investitsiya dasturi doirasida 110,5 mln dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, kombinatda qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Muruntov konini o‘zlashtirish bo‘yicha chorak davomida 48,6 mln kub metrdan ortiq tog‘ jinslari qazib olingan.
Shuningdek, 7-gidrometallurgiya zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi davom ettirilmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, zavodning yillik ma’dan qayta ishlash quvvati 25 mln tonnagacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kombinat 2025-yilda 98 tonna oltin ishlab chiqarib, 3,5 mlrd dollar sof foyda ko‘rgan.
