Ozarbayjon xalqaro banki Davr Bank aksiyalarining 74 foizini sotib olishi mumkin

15.06.2026 07:22
O'zbekchaРусский
Davr Bank aksiyadorlari yillik yig‘ilishida Ozarbayjon xalqaro banki bilan bankning 51 foiz aksiyasini sotish bo‘yicha muhokama qilindi. Shuningdek, agar kelajakda tomonlar kelishuvga erishsa, bankning yana 23 foiz aksiyasini sotib olish huquqini berish masalasini muhokama qilish imkoniyati ma’qullandi.
Ozarbayjon xalqaro banki Davr Bank aksiyalarining 74 foizini sotib olishi mumkin

Foto: Davr Bank

8-iyun kuni Davr Bank aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yig‘ilishda aksiyadorlar bank aksiyalarining 51 foizini Ozarbayjon xalqaro bankiga sotish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni va bitim shartlarini kelishib olishni ma’qulladi.

Shuningdek, bitimni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan korporativ, huquqiy, moliyaviy va regulyator tartib-taomillarini belgilangan tartibda bajarishga rozilik bildirildi.

Shu bilan birga, tomonlarning keyingi kelishuvlariga muvofiq, Ozarbayjon xalqaro bankiga bank ustav kapitalidagi qo‘shimcha 23 foiz aksiyalar paketini sotib olish huquqini beruvchi opsion mexanizmini muhokama qilish imkoniyati ham ma’qullandi.

Kelgusida bu borada tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilsa, Ozarbayjon xalqaro banki Davr Bank aksiyalarining 74 foiziga egalik qiluvchi asosiy aksiyadorga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida Ozarbayjonning Report nashri ABB rahbari Abbos Ibrohimovga tayanib, bitimning ayrim tafsilotlarini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, bankning nazorat paketini sotib olish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Abbos Ibrohimovning ma’lum qilishicha, tomonlar bitimni 2026-yilning ikkinchi yarmida yakunlaydi va ABB O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini boshlaydi.

Ruxsatnomalarni olish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari tez fursatda yakunlanishiga umid qilamiz. Shundan so‘ng ABB — mamlakatimizning xalqaro bank brendi — O‘zbekistonda ABB Davr Bank nomi ostida taqdim etiladi — degan Ibragimov Report nashriga.

Ibrohimovning aytishicha, Davr Bank aktivlari taxminan 1 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.

Shuningdek, u bankni sotib olishga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 100 mln dollardan oshishini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, 1-may holatiga ko‘ra, Davr Bank aktivlari 12 trln 756 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Bank 2025-yilda 667 mlrd so‘m sof foyda ko‘rib, O‘zbekiston banklari ichida bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘ninchi o‘rinda joylashgandi.

#davr_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar