O‘zbekistonda Amazon kompaniyasining Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh internet xizmati ishga tushiriladi.
Ayni kunlarda Toshkentda Beshinchi xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum doirasida Amazon Leo kompaniyasi hamda UZ-SAT qo‘shma korxonasi o‘rtasida kelishuv imzolandi.
Ushbu kelishuv O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini taqdim etishni nazarda tutadi.
Xizmat aynan qachon ishga tushishi haqida ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, UZ-SAT qo‘shma korxonasi yo‘ldosh vositasidagi aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.

Manba: stat.uz
Eslatib o‘tamiz, may oyida Qirg‘izistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishga tushgandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston va Turkmaniston Starlink ishga tushmagan davlatlar bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda Starlink 2026-yil oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda.
Amazon Leo haqida
Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i yuqori tezlikdagi internetga ulanish xizmatlarini taqdim etadi.
Foydalanuvchilar ushbu xizmatdan nafaqat shahar hududlarida, balki olis va borish qiyin aholi punktlari hamda hududlarda ham foydalanishlari mumkin.
Mijozlar tarmoqqa Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra kabi antennalar orqali ulanib, dunyoning deyarli istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi keng polosali internetdan foydalanishlari mumkin.
