O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi Joymee startapi Taqdimot ko‘rsatuvi doirasida 150 ming dollar sarmoya jalb qildi.
Mazkur sarmoya IT Park Ventures, AloqaVentures fondlari hamda bir qator tadbirkorlar tomonidan kiritilgan.
IT Park Ventures 50 ming dollar, AloqaVentures 20 ming dollar, qolgan 80 ming dollar esa tadbirkor investorlar tomonidan taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, Joymee startapi ko‘chmas mulkni qidirish va e’lon joylashtirishga mo‘ljallangan raqamli platforma hisoblanadi.
Taqdimot ko‘rsatuvida startap asoschisi Javohir Kabirjonov startapning bir qator ko‘rsatkichlarini aytib o‘tgandi.

Foto: Taqdimotdan
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Joymee platformasidan 200 mingga yaqin kishi foydalanadi. Ilovaning oylik daromadi esa 5 ming dollarni tashkil etishini qayd etdi.
Taqdimotda asoschi startapga 1 mln dollar baho qo‘yib, uning 10 foiz ulushini investorlarga taklif qilgandi.
Ko‘rsatuvda qatnashgan barcha investorlar startapga sarmoya kiritishga rozilik bildirgan. Ular orasida Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov ham bor edi.
IT Park Ventures xabariga ko‘ra, startapga kiritilgan mablag‘ning 80 ming dollari Nexus Club biznes-farishta investorlari tomonidan ajratilgan.
Ochiq ma’lumotlarga qaraganda, shu nomdagi korxona mavjud bo‘lib, uning ta’sischisi uch nafar jismoniy shaxs hisoblanadi.

Manba: stat.uz
Korxonaning 5 foiz ulushiga egalik qiluvchi Xurshidbek Tursunov AloqaVentures fondida venchur hamkor sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida AliPos startapi 200 ming dollar sarmoya jalb qilgan edi. Ushbu investorlar qatorida Nexus Club ham bo‘lgan.
