Yangi Bank tugatilayotgani munosabati bilan bankning Toshkent shahridagi bosh ofisi auksion orqali sotuvga qo‘yildi.
Savdoga chiqarilgan obyekt Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi 99-uyda joylashgan.
.jpg)
Foto: E-auksion
Binoning boshlang‘ich narxi 163,3 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksionda qatnashish uchun talab etiladigan zakalat puli miqdori 1,63 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Savdolar 2026-yil 20-iyul kuni soat 10:00 da boshlanadi. Arizalarni qabul qilish esa shu kuni soat 09:00 da yakunlanadi.
Auksion narxni oshirib borish tartibida o‘tkaziladi. Sotuvga qo‘yilgan bino 2017-yilda qurilgan bo‘lib, 5 qavatdan iborat.

Foto: E-auksion
Bino 47 ta xonadan tashkil topgan va temir-beton konstruksiyalardan barpo etilgan. Obyekt joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 79,39 sotixni tashkil etadi.
Shundan bank ulushiga tegishli yer maydoni 25,4 sotix ekani ko‘rsatilgan. Obyekt yaqinida O‘zbekiston Milliy bankining bosh binosi joylashgan.
.jpg)
Foto: E-auksion
Lot ma’lumotlariga ko‘ra, obyektning holati yaxshi deb qayd etilgan. Unda elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlari mavjud.
Shu bilan birga, obyekt tarkibida 54 kvadrat metr hajmdagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino qismi ham borligi ko‘rsatilgan.
Mazkur binoning sotilishiga Yangi Bank aksiyadorlik jamiyatining tugatilayotgani asos qilib ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 15-yanvardagi qaroriga binoan Yangi Bank litsenziyasi bekor qilingan edi.
