2026-yilning yanvar-may oylarida mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar 146 361 dona avtomobil sotdi.
Sotuvlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 439 taga yoki 7,7 foizga oshgan.

Manba: UzAuto
UzAuto Motors kompaniyasi hamon savdo hajmi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Kompaniyaning avtomobil sotuvi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 927 donaga yoki 2,6 foizga oshgan.
Biroq kompaniyaning mahalliy bozordagi ulushi kamayib bormoqda. Bu holat, ayniqsa, joriy yilda yanada tezlashdi.
So‘nggi bir yil ichida UzAuto Motors kompaniyaning bozor ulushi 82 foizdan 78 foizgacha pasaygan.
Kompaniyaning bozor ulushi qisqarishida BYD avtomobillari savdosining keskin ortishi ham muhim o‘rin tutadi.
BYD brendi 2026-yil fevralida avtomobil sotuvi bo‘yicha KIA brendini ortda qoldirgan edi.
Hozirda BYD brendi Chevrolet brendidan keyin eng ko‘p sotilayotgan brend bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda BYD modellarini ishlab chiqaruvchi BYD Factory kompaniyasi 2026-yilning dastlabki besh oyida 13 ming 700 dona avtomobil sotgan.
Taqqoslash uchun, kompaniya o‘tgan yilning mos davrida 7 ming 859 dona avtomobil sotgan edi. Bu bir yilda 75 foizlik o‘sishni anglatadi.
Mazkur o‘sish brendning Yuan Up, Chazor hamda Song Plus modellari savdosi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu davrda ham mahalliy bozorda Cobalt, Damas, Tracker, Onix va Labo eng ko‘p sotilgan modellar bo‘ldi.
Chevrolet brendining yetakchiligini aynan shu modellar ta’minlagan.
Ularni hisobga olmaganda, UzAuto Motors boshqa modellaridan atigi 890 dona sota olgan.
Ushbu beshlikdan keyingi o‘rinni KIA Sonet modeli egallagan bo‘lib, uning savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshib, 8 026 donaga yetgan.
Shuningdek, Chery, HAVAL hamda SamAuto brendlari savdosida ham o‘sish qayd etilgan.
Avvalroq, 2026-yilning ilk to‘rt oyida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilgan avtomobillar to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
