Jahon banki O‘zbekistonga boshlang‘ich ta’limni yaxshilash uchun 100 mln dollar ajratadi

01.07.2026 18:25
O'zbekchaРусский
30-iyun kuni Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 100 mln dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Mazkur mablag‘ mamlakatda maktab ta’limini yaxshilashga qaratilgan BILIM dasturiga yo‘naltiriladi.
Jahon banki O‘zbekistonga boshlang‘ich ta’limni yaxshilash uchun 100 mln dollar ajratadi

Foto: Octov Ganea

30-iyun kuni Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 100 mln dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.

Bank xabariga ko‘ra, mazkur mablag‘ mamlakatda maktab ta’limini yaxshilashga qaratilgan BILIM dasturiga yo‘naltiriladi.

Ushbu dasturning asosiy maqsadi O‘zbekistonning oltita hududidagi boshlang‘ich maktablarda ta’lim sifatini oshirishdan iborat.

Dasturning umumiy qiymati 378 mln dollarni tashkil etib, shuning 100 mln dollari Jahon banki tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Qolgan qismi O‘zbekiston hukumati (273 mln dollar) hamda Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (5 mln dollar) hisobidan qoplanadi.

Dastur Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarni, shuningdek, o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash muassasalarini qamrab oladi.

Statistikaga ko‘ra, mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi shu hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bank xabarida aytilishicha, bolalarni o‘qitish bilan bog‘liq eng jiddiy muammolardan biri aynan shu hududlarda kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda aholining tez o‘sishi va ichki migratsiya tufayli davlat maktablari infratuzilmasi sezilarli yuklamaga duch kelmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, ehtiyojni qondirish uchun hukumat har yili mamlakat bo‘ylab 300 ga yaqin yangi maktab qurishi lozim.

2030-yilgacha BILIM dasturi uchta asosiy yo‘nalishda taraqqiyotni ta’minlashi kutilmoqda.

Bulardan biri — yangi maktablar qurish va mavjud muassasalarni kengaytirish hisobiga o‘qitish sharoitlarini yaxshilash hamda maktablarda resurslarni yanada samaraliroq taqsimlashdir.

Dastur boshlang‘ich maktabning 1-4-sinflarida tahsil olayotgan taxminan 2 mln nafar bolaga foyda keltirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 17-iyun kuni Jahon banki rahbariyati O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini yaxshilash uchun 150 mln dollar ajratishni ma’qullagan edi.

#Jahon_banki#maktab

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan