Poytaxtda yer uchastkalarining o‘rtacha narxi yana pasaydi

07.07.2026 12:56
O'zbekchaРусский
2026-yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida bir sotix yer uchastkasining o‘rtacha narxi 301 mln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga kamdir. Narxlarning tushishi bundan oldingi chorakda ham kuzatilgan edi.
Poytaxtda yer uchastkalarining o‘rtacha narxi yana pasaydi

Foto: Pexels

Markaziy bank 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori tahlilini e’lon qildi.

Tahlilga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi yuqori faollikka qaramay, yer uchastkalari narxi pasaygan.

Hisobotda qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida poytaxtda bir sotix yer uchastkasining o‘rtacha narxi 301 mln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga kamdir.

Markaziy bank narxlarning pasayishini shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifi ortib borayotgani bilan izohlagan. Bu tendensiya avvalgi chorakda ham kuzatilgan edi.

2025-yil to‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha tahlilga ko‘ra, Toshkent shahrida bir sotix yer uchastkasining o‘rtacha narxi 319 mln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga pasaygan.

O‘shanda narxlarning tushishi shahar chekkasida yer uchastkalari taklifi 22 foizga oshgani, markaziy hududlarda esa 13 foizga qisqargani bilan izohlangan edi.

Markaziy bank tahlillari Toshkent shahrida yer uchastkalari narxining pasayishi ketma-ket ikkinchi chorakda ham davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq, may oyi yakunlari bo‘yicha Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar narxi qanday o‘zgarayotgani haqida yozgandik.

#toshkent_shahri#yer_uchastkalari

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan