Iyun oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb 7 mlrd dollarga kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 63 mlrd 757 mln dollarni tashkil etmoqda. Iyun oyi davomida umumiy zaxiralar hajmi 6 mlrd 827 mln dollarga kamaygan.
Bunga oy davomida oltin narxining (bir unsiya uchun) 4517 dollardan 4017 dollargacha pasayishi sabab bo‘lib, natijada zaxiradagi oltinning qiymati 6,9 mlrd dollarga kamaygan.
Biroq oy davomida zaxiradagi oltinning fizik hajmi 0,3 mln troy unsiyaga (taxminan 9,3 tonna) ko‘payib, 13,9 mln troy unsiyaga (taxminan 432,3 tonna) yetgan.

Manba: Markaziy bank
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar esa iyun oyida 1 mlrd 128 mln dollarga kamayib, 7 mlrd 444 mln dollarni tashkil etgan.
Joriy yilning mart oyidan buyon O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayishda davom etmoqda. Bunga asosan jahon bozorida oltin narxining tushib borayotgani ta’sir ko‘rsatmoqda.
1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 77 mlrd dollarga yetib, rekord qayd etgan edi.
Undan keyingi to‘rt oy ichida zaxiralar hajmi 13,3 mlrd dollarga kamayib, 1-iyul holatiga ko‘ra 63 mlrd 757 mln dollarni tashkil etdi.
