Xitoyning BYD kompaniyasi O‘zbekistonda tezkor zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini qurishni rejalashtirmoqda.
8-iyul kuni Investitsiya vaziri Laziz Kudratov kompaniyaning Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Investitsiya vazirligi matbuot xizmati
Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralarda O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish loyihasining joriy natijalari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, tomonlar Jizzax viloyatidagi BYD zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va korxonaning eksport salohiyatini kuchaytirish rejalarini muhokama qilgan.
Uchrashuvda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda mamlakat hududida tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, eksport hajmini oshirish va O‘zbekistonda elektromobillar uchun zarur infratuzilmani kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilingan.

Foto: Investitsiya vazirligi matbuot xizmati
Ma’lumot uchun, BYD elektromobillar va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Jizzax viloyatida BYD avtomobillarini ishlab chiqarish 2024-yil iyun oyida yo‘lga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda BVD ishlab chiqaruvchisi 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida 10 927 dona avtomobil sotgan va bu ko‘rsatkich bilan Chevrolet brendidan keyingi eng ommabop brendga aylangan.
.jpg)