2026-yilning birinchi yarmida mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar 175 374 ta avtomobil sotdi.
Sotuvlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 116 taga yoki 1,8 foizga oshgan. O‘sish asosan BYD modellari sotuvining keskin ortishi bilan izohlanadi.

Infografika: UzAuto
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan 17 010 ta BYD modeli sotilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 2 baravar ko‘p).
Bu orqali BYD sotuvlar bo‘yicha Chevrolet brendidan keyingi o‘rinni egalladi.
Chevrolet yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, uning mahalliy bozordagi ulushi, shuningdek, sotuvlari hajmi kamayib bormoqda.
2026-yilning birinchi yarmida UzAuto Motors kompaniyasi 136 072 ta avtomobil sotdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi sotuvlardan 5 897 taga yoki 4,15 foizga kamdir.
Shuningdek, kompaniyaning mahalliy bozordagi ulushi ushbu davrda 82,4 foizdan 77,6 foizga tushgan.
Shu bilan birga, kompaniyaning eng ommabop bo‘lgan Cobalt modelining sotuvida ham pasayish kuzatilgan.
Jumladan, 2025-yilning birinchi yarmida 67 580 ta Cobalt sotilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 40 foizga kamayib, 40 936 tani tashkil etdi.
Biroq shunga qaramay, Cobalt mahalliy bozorda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib turibdi.
Undan keyingi eng ko‘p sotilgan to‘rtta model ham Chevrolet modellari — Damas, Tracker, Labo va Onix.
Aynan shu beshta model UzAuto Motors kompaniyasi sotuvlarining 99 foizini tashkil etgan. Ularni hisobga olmaganda, kompaniya 1 258 ta boshqa model sota olgan.
2026-yilning birinchi yarmida 9 653 ta KIA Sonet modeli sotilib, eng ko‘p sotilgan oltinchi model bo‘ldi.
Undan keyingi eng ko‘p sotilgan uchta model BYD brendining Song Plus, Yuan Up hamda Chazor modellari bo‘ldi.
BYD sotuvlarining 80 foizi aynan shu uchta model hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Avvalroq, 2026-yilning birinchi besh oyi bo‘yicha avtomobil bozori sharhini yozgandik.
