2-iyul kuni ANORBANK Kuzatuv kengashi yig‘ilishida bank tomonidan 200 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan qarorga ko‘ra, bank nominal qiymati 100 ming so‘mdan bo‘lgan jami 2 mln dona obligatsiya chiqaradi.
Obligatsiyalar cheklanmagan doiradagi investorlar o‘rtasida ochiq obuna yo‘li bilan joylashtiriladi hamda Toshkent fond birjasida sotuvga qo‘yiladi.
Emissiya shartlariga ko‘ra, obligatsiyalar bo‘yicha yillik foiz stavkasi 20 foiz etib belgilangan.
Foizli daromadlar muomala muddati davomida har 90 kunda to‘lab boriladi. Obligatsiyalarning muomala muddati esa 900 kunni tashkil etadi.
Mazkur emissiya amalga oshirilsa, bu bankning ikkinchi korporativ obligatsiyalar emissiyasi bo‘ladi. Birinchi emissiya doirasida bank nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan 500 ming dona obligatsiya chiqargan edi.
Emissiyaning umumiy hajmi 50 mlrd so‘mni, obligatsiyalar bo‘yicha yillik foiz stavkasi esa 22 foizni tashkil etgan.
