Turonbank ustav kapitali 700 mlrd so‘mga oshirilmoqda

17.07.2026 05:29
O'zbekchaРусский
16-iyul kuni Turonbank kuzatuv kengashi yig‘ilishida bank ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 700 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Buning uchun bank nominal qiymati 1700 so‘m bo‘lgan qariyb 412 mln dona oddiy aksiya chiqaradi.
Turonbank ustav kapitali 700 mlrd so‘mga oshirilmoqda

Foto: Turonbank

16-iyul kuni Turonbank kuzatuv kengashi yig‘ilishida bank ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 700 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan qarorga ko‘ra, bank buning uchun nominal qiymati 1700 so‘m bo‘lgan 411 mln 764 ming 704 dona oddiy aksiya chiqaradi.

Aksiyalar yopiq obuna orqali O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga joylashtiriladi.

Ma’lumot uchun, hozirda (2026-yil ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha) Turonbank ustav kapitali 1 trln 634 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Joriy emissiya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bank ustav kapitali 2 trln 334 mlrd so‘mga yetadi. Ta’kidlash joiz, Turonbank davlat banki hisoblanadi.

Iyun oyida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi barcha davlat banklarining kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlagan edi.

Turonbank kredit reytingi esa agentlik tomonidan boshqa davlat banklari reytingidan bir pog‘ona past, ya’ni “BB-” darajasida baholandi.

Agentlik bunga bank hajmining nisbatan kichikligi, tizimdagi ulushining cheklanganligi hamda davlat siyosatini amalga oshirishdagi roli boshqa yirik davlat banklariga qaraganda kamroq ekanini sabab qilib ko‘rsatgan.

#turonbank#ustav_kapital

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan