Islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi

21.07.2026 09:28
O'zbekchaРусский
Adliya vazirligi islomiy banklarni va mavjud banklarda “islomiy darcha”larni litsenziyalash tartibini belgilovchi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat bilan Islomiy moliya kengashi, rahbar xodimlar va AAOIFI sertifikatlariga qo‘yiladigan talablar ham tasdiqlandi.
Islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi

Foto: Shutterstock

Adliya vazirligi bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, islomiy bank faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan islomiy bank tashkil etish hamda mavjud banklarda “islomiy darcha”lar ochish uchun huquqiy asoslar yaratildi.

Yangi tartibga ko‘ra, islomiy bank yoki islomiy darcha tashkil etishda Markaziy bank bilan kelishilgan Islomiy moliya kengashi, islomiy bank faoliyatiga mas’ul bo‘lgan rahbar xodim hamda islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati bo‘lishi shart.

Islomiy moliya kengashi kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Rais va uning o‘rinbosari islomshunoslik, qolgan a’zolar esa moliya-iqtisod, huquq yoki islomshunoslik yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar kamida besh yillik, texnik ekspert a’zolar esa kamida yetti yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Shuningdek, kengashning kamida bir nafar a’zosi AAOIFI tomonidan berilgan sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi talab etiladi.

2027-yil 1-iyuldan boshlab esa bu talab kengashning barcha a’zolariga qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, islom huquqi bo‘yicha barcha mutaxassislar arab tilini bilishi, jumladan, arab tilidagi islom huquqiga oid birlamchi manbalarni tushunishi va sharhlay olishi kerak.

Islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim bank yoki moliya tizimida kamida yetti yillik ish tajribasiga, moliya-iqtisod yoki islomiy moliya yo‘nalishida oliy ma’lumotga hamda AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, yangi tartibga asosan, Markaziy bank bilan kelishilgan rahbar xodimlar ish boshlaganidan so‘ng, bu haqda besh ish kuni ichida Markaziy bankni yozma ravishda xabardor qilish talabi bekor qilindi.

Avvalroq, Markaziy bankda Islomiy moliya kengashi tashkil etilgan edi. Kengash besh nafar a’zodan iborat. Ro‘yxat.

#islomiy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan