ANORBANK ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 50 mlrd so‘mga oshirmoqda.
Bu bo‘yicha tegishli qaror bank kuzatuv kengashining 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, bank har birining nominal qiymati 1 000 so‘m bo‘lgan 50 mln dona oddiy aksiya chiqaradi. Chiqarilayotgan aksiyalar yopiq obuna orqali joylashtiriladi.
Ularning 25 mln donasi Qahramonjon Olimovga, qolgani esa O‘zbekiston norezidenti bo‘lgan Bekamin B.V. kompaniyasiga taklif qilinadi.
Qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi natijasida jalb qilinadigan mablag‘lar bank kapitalini oshirish va uning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ANORBANK aksiyalarining 49,4 foiziga Qahramonjon Olimov egalik qiladi.
Qolgan 50 foiz ulush Niderlandiyada ro‘yxatga olingan Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6 foizi esa Kapital Sug‘urta kompaniyasiga tegishli ekani ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, ANORBANK aksiyadorlari kapitalning yetarli darajasini saqlab turish maqsadida uch yil davomida dividend to‘lamaslikka qaror qilgandi.
