Ipak Yuli Bank umumiy qiymati 100 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarmoqda. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Mazkur obligatsiyalar bankning oltinchi emissiyasi bo‘lib, 20-iyul kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan.
Emissiya shartlariga ko‘ra, har bir obligatsiyaning nominal qiymati 1 mln so‘mni, ularning umumiy soni esa 100 mingtani tashkil etadi.
Obligatsiyalar bo‘yicha yillik kupon stavkasi 20 foiz etib belgilangan. Shartlarda foiz to‘lovlari har olti oyda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
Obligatsiyalarning muomalada bo‘lish muddati 730 kun (2 yil) qilib belgilangan. Ular ochiq obuna orqali joylashtiriladi.
Bankning bildirishicha, savdolar emissiya to‘g‘risidagi axborot e’lon qilingan sanadan boshlab 15-kuni boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq, ANORBANK ham 200 mlrd so‘mlik obligatsiyalarni muomalaga chiqarayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu bankning obligatsiyalari bo‘yicha kupon stavkasi ham 20 foiz etib belgilangan.
