2026-yil 14-iyul kuni Apex Moliya mikromoliya tashkiloti aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda kompaniyaning kelgusi faoliyati bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, aksiyadorlar tashkilot faoliyatini islomiy mikromoliya banki faoliyatiga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Buning uchun yangi bank tashkil etishga dastlabki ruxsat olish maqsadida Markaziy bankka murojaat qilinishi belgilandi.
Markaziy bankdan tegishli ruxsatnoma olingach, qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali kompaniyaning ustav kapitalini 50 mlrd so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Hozirda kompaniyaning ustav kapitali 4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda kelgusida tashkil etiladigan islomiy mikromoliya banki huzurida Islomiy moliya kengashini tuzish to‘g‘risida ham qaror qilindi.
Qarorga ko‘ra, Islomiy moliya kengashi tarkibiga quyidagi uch nafar nomzod kiritildi:
- Akjigit Kokoyev — kengash raisi, Alhamd Eurasia Sharia Advisory Services korxonasi direktori (Qirg‘iziston).
- Saidaahmadxon Saydaliyev — kengash a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fuqarolar murojaatlari bo‘limi bosh mutaxassisi.
- Zikriyo Boborahimov — kengash a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Elektron savol-javoblar bo‘limi yetakchi mutaxassisi.
Ma’lumot uchun, Apex Moliya mikromoliya tashkiloti cheklangan doirada islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.
2026-yilning birinchi choragida mamlakatda ko‘rsatilgan jami islomiy moliya xizmatlari 11,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan 8,4 mlrd so‘mi Apex Moliya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni Adliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan edi.
Ushbu hujjat bilan islomiy bank tashkil etish hamda an’anaviy banklar tomonidan islomiy darchalar ochish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilgan.
