UZCARD to‘lov tizimi 2026-yilning birinchi yarmida 1 trln 145 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu haqda kompaniyaning yarim yillik moliyaviy hisobotida ma’lumot berilgan.
Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yarim yillik bilan taqqoslaganda 523 mlrd so‘mga yoki 84 foizga oshgan.
Solishtirish uchun, ushbu davrda O‘zbekiston banklaridan faqat uchtasi 1 trln so‘mdan ko‘p sof foyda olgan.
UZCARD to‘lov tizimining yarim yillik daromadi esa 372 mlrd so‘mga ko‘payib, 1 trln 326 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Infografika: tanga.uz
Bu davrda kompaniyaning xarajatlari ham o‘z navbatida oshgan. Jumladan, xodimlar bilan bog‘liq xarajatlar 20 mlrd so‘mga ko‘payib, 123 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, protsessing va uskunalarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 10 mlrd so‘mga oshib, 30 mlrd so‘mga yetgan.
To‘lov tizimining ushbu davr uchun umumiy xarajatlari esa 426 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 109 mlrd so‘mga yoki 35 foizga ko‘p.
Ushbu davrda kompaniya sof foydasining oshishiga asosiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat ham 317 mlrd so‘m miqdorida ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda UZCARD kabi to‘lov tizimi operatorlari IT Park rezidentligidan chiqarildi.
Ushbu maqom kompaniyaga bir qator soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etib kelayotgan edi.
Shu sababli 2026-yilning birinchi yarmida UZCARD 85 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida kompaniya 3 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan edi.
