Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi

29.07.2026 14:19
O'zbekchaРусский
Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi. U bungacha, 3-iyundan boshlab, mazkur bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan edi.
Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi

Adam Sentpeteri / Foto: Ipoteka-bank

Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bu haqda bankning rasmiy saytida ma'lum qilindi.

Sentpeteri bungacha, 3-iyundan boshlab, mazkur bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Sandro Rtveladze 2024-yil sentyabridan buyon Ipoteka-bank boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelgan.

3-iyun kuni uning ushbu lavozimdan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Rtveladzening tanga.uz nashriga ma’lum qilishicha, u ayni paytda Gruziyaning TBC Bankida mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Adam Sentpeteri haqida

Adam Sentpeteri 1972-yilda tug‘ilgan. 1996-yilda Korvinus iqtisodiyot fanlari universitetida moliya va axborot menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.

2007-yilda esa Markaziy Yevropa universitetida (CEU) PhD ilmiy darajasini, shu yilning o‘zida ELTE Fanlar universitetida huquq bo‘yicha LLM darajasini olgan.

2013-yilgacha Vengriyaning ELTE Fanlar universitetida dotsent lavozimida faoliyat yuritgan. OTP guruhiga qo‘shilishidan avval qariyb o‘n yil davomida akademik faoliyat bilan shug‘ullangan.

Xususan, CEU, Korvinus va ELTE universitetlarida ekonometrika, operatsion tadqiqotlar, huquq, iqtisodiyot hamda biznes huquqi fanlaridan dars bergan.

2005-yilda OTP guruhiga qo‘shilgan. U kompaniyada moliya, nazorat, strategiya va chakana savdo yo‘nalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2012–2018-yillarda OTP Bank Ukraina kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan. 2018–2022-yillarda esa mazkur bankning Rossiya direktorlar kengashi a’zosi sifatida ishlagan.

2022-yildan Ipoteka-bank (OTP Group)ga o‘tguniga qadar Adam Sentpeteri OTP Bank Albaniyada bosh moliya direktori va boshqaruv a’zosi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2023-yil iyun oyidan 2026-yil 3-iyunga qadar esa Ipoteka-bank boshqaruv raisi o‘rinbosari — strategiya va moliya bloki rahbari lavozimida ishlagan.

#adam_sentpeteri#ipoteka-bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan