Sandro Rtveladze faoliyatini Gruziyada davom ettiradi

26.06.2026 07:12
O'zbekchaРусский
Xalqaro bank tizimida ko‘p yillik tajribaga ega Sandro Rtveladze faoliyatini Gruziyada davom ettiradi. 6-iyuldan boshlab Sandro Rtveladze Gruziyadagi TBC Bank'ning bosh direktori o‘rinbosari lavozimini egallaydi. U mazkur lavozimda bankning chakana biznes yo‘nalishiga rahbarlik qiladi.
Sandro Rtveladze faoliyatini Gruziyada davom ettiradi

Sandro Rtveladze / Foto: Ipoteka-bank

Xalqaro bank tizimida ko‘p yillik tajribaga ega Sandro Rtveladze faoliyatini Gruziyada davom ettiradi. Bu haqda u tanga.uz'ga ma’lum qildi.

6-iyuldan boshlab Sandro Rtveladze Gruziyadagi TBC Bank'ning bosh direktori o‘rinbosari lavozimini egallaydi.

U mazkur lavozimda bankning chakana biznes yo‘nalishiga rahbarlik qiladi. Uning nomzodi mamlakat regulyatori tomonidan tasdiqlangach, o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, Sandro Rtveladze 1-iyuldan Ipoteka-bank boshqaruv raisi lavozimidagi faoliyatini yakunlaydi.

Gruziyalik mutaxassis mazkur bankni 2024-yil sentyabr oyidan buyon boshqarib kelayotgandi.

Unga bank xususiylashtirilgandan keyingi dastlabki davrdagi samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirilgan.

Xususan, uning rahbarligi davrida kapital mustahkamlangani, aktivlar sifati yaxshilangani va bank rentabelligi tiklangani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, hozirda Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarmoqda.

Sandro Rtveladze haqida

Sandro Rtveladze 1984-yil 2-yanvarda Gruziyaning Tbilisi shahrida tug‘ilgan.

2006-yilda Gruziya Texnika universitetining bakalavr darajasini olgan. 2007-yilda Germaniyadagi Jeykobs universitetida (Jacobs University) bakalavriat bosqichini tamomlagan.

2008-yilda Buyuk Britaniyadagi Oksford universitetida Axborot texnologiyalari va iqtisodiyot, Integratsiyalashgan ijtimoiy fanlar hamda Moliyaviy iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlik darajasini olgan.

Sandro Rtveladze bank sohasida katta tajribaga ega mutaxassis bo‘lib, Gruziya, Gana, O‘zbekiston va Rossiya kabi mamlakatlarda faoliyat yuritgan.

Bank sohasidagi faoliyatini 2009-yilda boshlagan. 2012-yilgacha Gruziyaning People’s Bankida investitsiyalar va korporativ masalalar bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2012–2015-yillarda Gruziyaning Liberty Bankida yangi mahsulotlar, savdo kanallari va bozorlar bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari lavozimini egallagan.

2015–2020-yillarda Bayport Management Limited (Gana, Afrika) kompaniyasida chakana bank xizmatlari bo‘yicha blok rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

2020-yilda O‘zbekistondagi TBC Bank Boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.

2022-yilda Rossiyadagi OTP Bank’da iste’mol kreditlash direksiyasi direktori, chakana bo‘lim direktori, Boshqaruv raisi o‘rinbosari va Boshqaruv a’zosi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2023–2024-yillarda Rossiyadagi OTP Bank’da Boshqaruv raisi maslahatchisi sifatida ishlagan. 2024-yil sentyabr oyidan Ipoteka-bank Boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

#sandro_rtveladze#tbc_bank#ipoteka-bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan