Zolotaya Korona orqali O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari odatdagidek davom etmoqda — MB

29.07.2026 10:38
O'zbekchaРусский
Markaziy bank departamenti rahbari Otabek Tojiddinovning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari fonida Zolotaya Korona xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali O‘zbekistonga mablag‘ yuborishda muammo kuzatilmayapti.
Zolotaya Korona orqali O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari odatdagidek davom etmoqda — MB

Otabek Tojiddinov. Skrinshot: Mazkaziy bank / YouTube

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari fonida Zolotaya Korona xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali O‘zbekistonga mablag‘ yuborishda muammo kuzatilmayapti.

Bu haqda Markaziy bank departamenti rahbari Otabek Tojiddinov 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zolotaya Korona xalqaro pul o‘tkazmalari operatori sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan. Cheklovlar tizimning texnik xizmat ko‘rsatuvchi korrespondent bankiga nisbatan qo‘llangan.

Fuqarolarimiz O‘zbekistondagi banklar reklamalari yoki aksiyalarida Zolotaya Korona nomini ko‘rishi tabiiy. Chunki ushbu tizimning o‘zi xalqaro pul o‘tkazmalari operatori sifatida sanksiyalar ostiga tushmagan. Sanksiyalar uning texnik xizmat ko‘rsatuvchi, ya’ni korrespondent bankiga nisbatan qo‘llanilgan — dedi Otabek Tojiddinov.

Markaziy bank vakili O‘zbekiston banklari Zolotaya Korona tizimining garov depozitlari hisobidan fuqarolarga pul mablag‘larini odatdagi tartibda berishda davom etayotganini ma'lum qildi. Mijozlar mablag‘larni o‘zlari xohlagan valyutada olishlari mumkin.

Biz O‘zbekistonning ikkilamchi sanksiyalar xavfiga duch kelishini istamaymiz. Shu sababli Zolotaya Korona rahbariyati bilan texnik operatorni sanksiyalar ostida bo‘lmagan boshqa bankka o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda — dedi MB vakili.

Otabek Tojiddinovning ta’kidlashicha, kelgusi haftadan yangi operatorga o‘tish va tizim faoliyatini odatiy rejimda davom ettirish rejalashtirilgan.

Vaziyatning O‘zbekistonga ta’siri sezilarli bo‘lishi mumkin. Biroq uni tezkor bartaraf etish bo‘yicha Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda — dedi u.

Ma’lumot uchun, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 9,3 mlrd dollar mablag‘ kelib tushgan.

Mazkur mablag‘larning qariyb 2,4 mlrd dollari Zolotaya Korona xalqaro pul o‘tkazmalari orqali yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Zolotaya Korona operatoriga nisbatan sanksiya joriy etgandi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda bir qator banklar ushbu xizmat orqali pul o‘tkazish va qabul qilishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgandi.

#markaziy_bank#zolotaya_korona

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan