O‘zbekistonda omonatdan olinadigan daromadlarga soliq solish taklif qilindi

01.08.2026 03:13
O'zbekchaРусский
Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizli daromadlarga 5 foizlik daromad solig‘ini joriy etishni taklif qildi. Institut bu orqali budjetga yiliga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum tushishi mumkinligini qayd etgan.
O‘zbekistonda omonatdan olinadigan daromadlarga soliq solish taklif qilindi

Foto: Kursiv

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Fiskal muloqot tadbirida omonatlardan foiz ko‘rinishida olinadigan daromadga soliq solish taklif qilindi.

Tadbirda Fiskal tahlillar instituti omonat foizlari bo‘yicha amaldagi soliq imtiyozini bekor qilib, 5 foizlik soliq joriy etish taklifini ilgari surgan.

Hozircha bu faqat institut tashabbusi bo‘lib, amaliyotga joriy etilishi uchun Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi va tasdiqlanishi lozim.

Institutning qayd etishicha, omonatlardan olinadigan foizlar 1998-yildan buyon soliqdan ozod qilingan. Natijada depozit foizlari passiv daromadning soliq solinmaydigan asosiy turlaridan biriga aylangan.

Taqqoslash uchun, hozirda dividend daromadlariga 5 foiz, kapital qiymatining o‘sishidan olinadigan daromadlarga esa, odatda, 12 foizlik stavka qo‘llanadi.

Budjetga tushum

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston banklaridagi jismoniy shaxslar depozitlari 170,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Institut hisob-kitobiga ko‘ra, agar omonatlarning o‘rtacha yillik daromadliligi 16 foiz deb olinsa, jismoniy shaxslar bir yilda qariyb 27,2 trln so‘m foizdan daromad olishi mumkin.

Ushbu summaga 5 foizlik soliq qo‘llansa, budjetga tushum taxminan 1,36 trln so‘mni yoki yaxlit hisobda 1,4 trln so‘mni tashkil etadi.

Mazkur hisob-kitob barcha jismoniy shaxslarning depozitlari yil davomida 16 foiz daromad keltiradi, degan shartli taxminga asoslangan.

Amaldagi tushum omonatlarning muddati, valyutasi, foiz stavkasi va soliq imtiyozlari mavjudligiga qarab farq qilishi mumkin.

Bankers.uz kanalining yozishicha, taklif muhokamaga chiqarilayotgan paytda O‘zbekistondagi depozit bozorida stavkalar pasayish bosqichida turibdi.

Bunday sharoitda foiz daromadiga soliq joriy etilishi omonatlarning sof daromadliligini kamaytiradi va aholining jamg‘arma borasidagi qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Fiskal tahlillar instituti avvalroq 1 foizlik soliq keshbegini bekor qilib, o‘rniga lotereya o‘tkazishni taklif qilgandi.

#omonat#soliq

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan